French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim berish – pedagoglar oldidagi eng muhim vazifa
11:34 / 2023-03-24

Jizzaxdagi Prezident maktabida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining matematika hamda ingliz tili fanlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbir “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusiga bag‘ishlandi.  

Tadbir avvalida Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva va boshqalar bugungi seminar-treningdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida tushuncha berdi. Ushbu tadbir “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida mamlakatimizdagi ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘qitishda yangi metodlarni joriy etish va o‘qituvchilarning malakasini oshirish yo‘lida yana bir qadam bo‘lishi ta’kidlandi. Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar har taraflama chuqur bilimga ega yoshlarni tarbiyalab, kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda.  

So‘ngra tadbir qatnashchilari guruhlarga ajratilib, har bir guruhga avvaldan tayyorlangan malakali pedagog-trenerlar matematika va ingliz tili yo‘nalishlarida “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusida treninglar o‘tdi.  

[gallery-11122]

Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining malakali o‘qituvchilari ikki kun davomida mavzu yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar qilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.  

– Hozirgi o‘quvchilarni oddiy an’anaviy saboqlar bilan qiziqtirib bo‘lmaydi va ana shu sababdan ham yangi metodlar kirib kelmoqdaki, u bugungi o‘qituvchidan nafaqat saboq berishni, balki o‘quvchilarni yo‘naltira oluvchi, o‘z ortidan ergashtira oluvchi, faniga qiziqtira oluvchi ustoz bo‘lmog‘likni talab etmoqda, – deydi Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shohida Damanova. – Prezident ixtisoslashtirilgan maktablaridagi eng bilimli, eng saviyali matematika hamda ingliz tili fan o‘qituvchilari saralab olinib, onlayn tarzda tayyorlandi va ular 2 kundan buyon bu yerga hududiy nuqtai nazardan, saralab olingan, umumta’lim maktablarimizdagi eng iqtidorli matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilariga treninglar o‘tishdi.  

– Mazkur treninglar 3 bosqichli bo‘lib, 1-bosqichda viloyatdagi Prezident ixtisoslashtirilgan maktablardan 28 nafar matematika va ingliz tili fanlarining eng iqtidorli malakali pedagoglari onlayn tarzda trenerlar sifatida o‘qitildi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi metodisti Dilmurod Karimqulov. – Kecha va bugun seminar-treninglarning 2-bosqichida umumta’lim maktablaridagi yuqori malakaga ega bo‘lgan 200 nafar matematika va 50 nafar ingliz tili fanlari o‘qituvchilari hududlardan saralab olinib, ular mana shu 28 nafar trenerlarimiz tomonidan o‘qitildi. O‘z navbatida, ushbu seminar-treningning 3-bosqichida treningda ishtirok etgan mahalliy trenerlar tuman va shahar umumta’lim maktablarining pedagoglarini qamrab olgan holda bir martalik, joriy o‘quv yili yakuniga qadar shahar va tumanlar markazidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.  

– Men Sharof Rashidov tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilarga matematika fanidan saboq beraman, – deydi seminar ishtirokchilaridan biri Farog‘at Xoltosheva. – Trenerlar tomonidan bizga berilgan saboqlar matematika fani o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kaskad usulida olib borilganini alohida ta’kidlab o‘tishim joiz. Ushbu saboqlardan o‘quvchilarimizning individual va jamoaviy qobiliyatini oshirib, shogirdlarimizda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllanishi va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishida, bilimlarni yanada chuqurroq olishida muhim ahamiyat kasb etishini to‘liq anglab yetdik.  

– Ushbu 3 bosqichli seminar-treninglarni o‘tishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Prezident maktablarining ilg‘or tajribasi va ta’lim sohasidagi yangiliklar bilan bo‘lishish, zamonaviy metodikalar bilan tanishtirish, o‘quvchilarda kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘rganishdan iboratdir, – deydi Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva. – Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamkorligida bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida joylashgan jami 14 ta Prezident maktabida tashkil etilib, mashg‘ulotlar matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan va saboqlar kaskad usulida olib borildi. O‘tgan 2 kun davomida tahsil olgan matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilarimiz, o‘ylaymanki mavzuni to‘liq o‘zlashtirib oldilar va endi ular o‘z hududlaridagi hamkasblariga xuddi shunday treninglar o‘tib, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida biz pedagoglar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi doirasida o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishlari talab etiladi. Pedagoglarimiz oldidagi eng muhim vazifa esa har bir o‘quvchiga eng yuqori sifatdagi ta’lim berishdan iboratdir.  

Tadbir yakunida ishtirokchilarning trenerlik faoliyatiga tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 200 nafar matematika hamda 50 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi o‘z hududlarida o‘z hamkasblariga 1 martalik xuddi shunday treninglar o‘tish huquqiqiga ega bo‘ldi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA