Yurtimizda paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori asosida 2026 yil paxta hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlariga javob beradigan urug‘larini yetishtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, paxta urug‘chiligi yo‘nalishida erishilgan natijalar haqida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi Texnik ekinlar urug‘chiligi bo‘lim boshlig‘i Ilhom Egamberdiyevning ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida paxta urug‘larini yetishtirish, saralash va tayyorlash jarayonlari belgilangan talablar asosida tashkil etilib, urug‘lik sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, u ayni vaqtda urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari izchil davom etayotgani, chigitlarni qabul qilish, tozalash, saralash va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish ishlari belgilangan talablar asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Bu jarayonlar kelgusi mavsum uchun sifatli va raqobatbardosh urug‘lik zaxirasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Qayd etilganidek, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 875,6 ming gektar yer maydoniga chigit ekilib, jami 30,7 ming tonna urug‘lik chigit sarflandi va gektariga o‘rtacha chigit sarfi 35,1 kg.ni tashkil etmoqda.
Respublika bo‘yicha jami 595,6 ming gektar yer maydoniga mahalliy g‘o‘za navlaridan tayyorlangan 23,6 ming tn. urug‘lik chigit, shundan 404,8 ming gektar yer maydonlariga 2024 yil hosilidan tayyorlangan urug‘lik chigit, 190,8 ming gektar yer maydonlariga 7,1 ming tonna “tindirilgan urug‘lik” chigit va 279,9 ming gektar yer maydonlariga xorijiy navlarning urug‘lik chigitlari ekilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2023 yil 15 dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha viloyatlararo 2,5 ming tonna, tumanlararo 2,2 ming tonna “ urug‘ almashtirish” amaliyoti amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 18 martdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida “Ye-urug”’ axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha 2025 yilda urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun elektron tanlov o‘tkazilib, 1901 ta sub’ekt 72,5 ming gektar yer maydoni bo‘yicha urug‘lik tanlovda g‘olib deb topilgan. Jami 2055 ta, shundan 15 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 139 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari va xususiy urug‘chilik korxonalarining jami 1901 ta tanlovda g‘olib bo‘lgan sub’ektlarning 82,8 ming gektar yer maydonida urug‘lik paxta yetishtirish uchun tanlab olingan.
2025 yil hosilidan urug‘lik paxta xomashyosi yetishtirish uchun
1684 ta sub’ektning 67,1 ming gektar yer maydoniga mahalliy va
371 ta sub’ektning 15,7 ming gektar yer maydoniga xorijiy navlar ekilgan.
Urug‘lik paxta terib olish uchun jami 58,2 ming gektar maydondan jami 88,7 ming tonna, shundan 32,3 ming tonna asosiy, 28,2 ming tonna zaxira fondi uchun shuningdek, 28,2 ming tonna qo‘shimcha zaxira sifatida jamg‘arildi. Shundan, 57,2 ming tonna mahalliy navlar va 31,5 ming tonna xorijiy navlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
2026 yil paxta hosili uchun 45,5 ming tonna urug‘lik chigit tozalash-saralash (29,9 ming tonna mahalliy, 15,6 tonna xorijiy navlar), 19,9 ming tonna urug‘lik chigit tuksizlantirish (11,0 ming tonna mahalliy, 8,9 ming tonna xorijiy) hamda 27,9 ming tonna urug‘lik chigit dorilash (18,9 ming tonna mahalliy, 9 ming tonna xorijiy) ishlari rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan yillardan ekishdan ortib qolgan “tindirilgan” 16,8 ming tonna urug‘lik chigit qoldig‘i mavjud.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA