English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli mahsulotning xaridori ko‘p bo‘ladi
16:28 / 2025-10-02

Keyingi yillarda yangi uy-joylar barpo etilayotgani bilan bir qatorda, ichki bozorga zarur bo‘lgan zamonaviy mebel mahsulotlariga ham talab ortib bormoqda.

Bu esa o‘z navbatida mebelsozlik sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro standartlar asosida ishlashga yo‘naltirish, raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar tayyorlashga rag‘batlantirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Bugungi kunda hududlarda hunarmandchilik, xususan, usta duradgorlik asosida tashkil etilayotgan zamonaviy mebel ishlab chiqarish sexlari iqtisodiyotda muhim o‘rin egallab bormoqda. Ko‘p yillik tajriba, o‘z ustozlaridan olgan saboq va mehnatga sadoqat tufayli bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mehnatsevar insonlar nafaqat oilaviy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda, balki mahalliy aholiga ham ish o‘rinlari yaratib bermoqda.

Buxoro viloyati Olot tumanining olis “Soinqorovul” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Kazimbek Sharipov Turkiyada mebel ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritib, usta hunarmandlardan kasb sirlarini puxta o‘rgangan. Vataniga qaytgach esa, turli mebel sexlarida ishlab, o‘z mahsulotlari bilan mijozlar e’tiborini qozongan.

Mahalla ko‘magida 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, ushbu mablag‘ evaziga xorijdan zamonaviy texnologiyalar xarid qildi. Bu texnik jihozlar yordamida hozirda xontaxta, oshxona mebellari, yumshoq va qattiq mebellar ishlab chiqarib, mahalliy bozorga yetkazib berilmoqda.

– Aslida bu kasbni Turkiyada ishlagan paytlarimda ustozlarimdan puxta o‘rganganman. Keyinchalik o‘z yurtimda ham bu ishni davom ettirib, bugungi kunda ikki nafar shogirdim bilan birga faoliyat yurityapmiz. Ularga nafaqat kasb sirlarini, balki dizayn, mahsulot sifatiga bo‘lgan yondashuvni ham o‘rgatyapman, – deydi usta Kazimbek Sharipov.

Bugungi kunda sexda ishlab chiqarilayotgan mebellar o‘z sifati va nafis ko‘rinishi bilan xaridorlar e’tiborini qozonmoqda. Mijozlar talablariga muvofiq tayyorlanayotgan maxsus buyurtmalar asosida zamonaviy, mustahkam, funksional va estetik mebellar ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, oshxona garniturlari, yotoqxona to‘plamlari, yumshoq mebellarga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

Kazimbek Sharipovning aytishicha, Xitoy davlatidan keltirilgan zamonaviy uskuna va stanoklar mahsulot tayyorlash jarayonini ancha tezlashtirib, ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini bermoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.