Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli mahsulotning xaridori ham ko‘p bo‘ladi
11:06 / 2025-07-15

Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Oltintepa G‘isht Invest” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan g‘isht mahsuloti yuqori sifatliligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan g‘ishtlar ayni paytda Guliston va Sayxunobod tumanlari, shuningdek, Guliston va Baxt shaharlaridagi turli qurilish ob’ektlarida keng qo‘llanilmoqda. Mahsulotga bo‘lgan talab  yildan yilga ortmoqda.

– Bizning asosiy ustunligimiz sifatli xomashyo va to‘g‘ri ishlab chiqarish texnologiyasini tanlaganimizda, – deydi korxona rahbari Doniyorjon Toshmatov. – G‘isht tarkibiga 30 foiz miqdorida qo‘shiladigan kaolit moddasi uni yanada mustahkam, pishiq va chidamli bo‘lishini ta’minlaydi.  

Korxonada bir kunda 20 ming dona xom g‘isht tayyorlanadi. Ular maxsus yuqori haroratli pechlarga joylashtiriladi va 2000 darajada pishiriladi. Bir vaqtning o‘zida 120 mingta g‘ishtni sig‘dira oladigan bu pechlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ishchilar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilgan. Ovqatlanish, dam olish, maxsus ish kiyimlari, xavfsizlik qoidalariga rioya etish va ijtimoiy kafolatlar to‘liq ta’minlangan. Maosh ish hajmi va natijaga qarab belgilangan.

Ekologik barqarorlik korxonaning yana bir muhim ustuvor yo‘nalishi. Havoga chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish maqsadida filtrlash tizimi joriy etilgan. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida quyosh panellari kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Quvvati 50 kilovatt bo‘lgan bu tizim nafaqat elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlamoqda, balki mahsulot sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

– Yangi texnologiyalar, ekologik yondashuv va ishonchli jamoa — biz tanlagan yo‘l shu. Bu nafaqat korxona, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri hudud rivojiga ham xizmat qiladi, – deydi Doniyorjon Toshmatov.

“Oltintepa G‘isht Invest” — bu mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va qurilish sohasidagi sifatni kafolatlash yo‘lidagi muvaffaqiyatli tajriba namunasi hisoblanadi.

G‘ulom Primov,  

O‘zA muxbiri