Buxoro viloyatida paxtachilikni rivojlantirish va mavjud chigit ekiladigan maydonlardan yuqori hosil olish maqsadida texnika va mexanizmlarni ta’mirlab, shay qilish kabi agrotexnik ishlarga joylarda agroklasterlar va ulardagi ishchi mutaxassislar otryadlari jalb qilingan.
Hozirda mavjud 200 dona yuqori unumdor “CASE-1200” rusumli chigitni qo‘shqator usulda, 66 x 10 o‘lchamdagi sxemada ekish uchun “UzCASEservis” qo‘shma korxonasi mutaxassislari tomonidan rekonstruksiya qilinib, qayta tayyorlandi. Tajriba o‘zini oqlagani va bu uslubda yuqori hosil xirmoni yaratilgani bois, xorijiy qo‘shma korxona mutaxassislari tomonidan joriy yilda 173 ta yuqori unumdor ekish mexanizmini qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan.

Ayni paytda viloyat miqyosida paxtachilik va to‘qimachilik klasterlari tasarrufiga o‘tkazilgan texnika parklari tomonidan chigit ekish mavsumida qatnashadigan jami 225 ta 76x14 o‘lchamdagi qo‘shqator sxemaga o‘tgan yili moslashtirilgan “CASE-1200” rusumli yuqori unumdor 52 ta ekish mexanizmidan ham foydalaniladi. Qolaversa, mavjud 2 mingtadan oshiq haydov va chopiq traktori, 400 tadan oshiq kultivator, 450 dan oshiq chizel, 12 mingtadan ortiq borona mexanizmlarini qayta texnik ko‘rikdan o‘tkazish va sozlash jarayoni boshlangan.

Joriy mavsumda yangi o‘lchamga moslashtirilayotgan yuqori unumdor ekish mexanizmi soni Buxoro va Shofirkon tumanlarida 23 tadan, Vobkent va Jondor tumanlarida 20 tadan, G‘ijduvon tumanida 21 ta, Romitan tumanida 18 ta, Kogon tumanida 15 tani tashkil etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.