Iste’molchidan savol
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng ko‘p iste’mol qilinadigani bu – non. Xo‘sh, biz do‘kondan sotib olayotgan nonning sifati haqida ma’lumotlarga egamizmi? Xarid qilingan non sifatsiz, ya’ni achigan, mazasi o‘zgargan bo‘lsa, yangisiga almashtirish mumkinmi?
Iste’molchilardan yo‘llangan ushbu savolga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Adurahmon Raupov quyidagicha javob berdi:
– Ixtisoslashtirilgan non do‘konining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi bo‘limda ko‘rinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirilgan bo‘lishi shart.
Non va non-bulka mahsulotlari faqat non mahsulotlari tashishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan avtomashinalarda tashiladi. Non sotish va saqlash uchun mo‘ljallangan joy quruq va shamollatib turiladigan bo‘lishi kerak.
Sifatsiz, ya’ni g‘arch-g‘urch qilgan, kuygan, ichi bo‘sh, yaxshi qorilmagan, boshqa narsalar aralashgan non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda sotuvchi xaridor talabiga ko‘ra xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynida sifatlisiga so‘zsiz almashtirib berishlari yoki pulini qaytarishlari kerak.
Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi. Buzilishlar aniqlangan taqdirda mahsulot tayyorlovchiga qaytariladi. Non mahsulotlari savdo ob’ektlarida noto‘g‘ri saqlangani tufayli buzilgan taqdirda buning uchun savdo ob’ektlari javob beradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA