Bugungi kunda Namanganda 225,4 ming nafar iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Ulardan 221,3 mingtasi aholi xonadonlarini tashkil qilsa, 4,1 mingtasi esa ulgurjilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi yillarda viloyatda gaz ta’minoti tizimini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2020-2024 yillar davomida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan 72,2 kilometr gaz tarmoqlari mukammal ta’mirlanib, qayta rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 103 ta gaz tartiblash punkti zamonaviy talablarga mos ta’mirlandi. Bu ishlar natijasida viloyatdagi 230 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida istiqomat qiluvchi 156 mingdan ortiq aholi xonadonlaridagi ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.


– Tabiiy gaz yetkazib berishda shaffoflik va inson omilini kamaytirish maqsadida 200,4 ming aholi xonadonlariga masofadan boshqariladigan zamonaviy elektron gaz hisoblagichlari o‘rnatildi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov. – Bu nafaqat hisob-kitob jarayonlarini avtomatlashtirish, balki resurslarni oqilona boshqarishga ham yordam bermoqda. E’tiborlisi shundaki, tabiiy gaz yetkazib berish tizimi yanada samarali bo‘lishi uchun uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tish ishlari bajarildi. Mazkur jarayonda xonadonlarga 100,8 ming dona bosim rostlagich (regulyator) o‘rnatildi.
Bunday xayrli va amaliy sa’y-harakatlar aholining kundalik turmush sifati va qulayligini yanada oshirishga qaratilgan bo‘lib, ular viloyatda energetik resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA