Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifat guvohnomasiga ega bo‘lmagan qurilish mahsulotlari aniqlandi
16:04 / 2026-03-02

Bugungi kunda mamlakatimizda sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ishlab chiqarish jarayonida belgilangan qoidalarni chetlab o‘tishga urinayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.

Xususan, Xorazm viloyati inspektorlari tomonidan Shovot tumanida faoliyat yurituvchi, qurilish uchun mo‘ljallangan quruq qorishma (shpatlevka) ishlab chiqaruvchi “J.Q” MCHJda (nomi o‘zgartirilgan) o‘tkazilgan davlat nazorati tadbiri ushbu sohadagi bir qator kamchiliklarni fosh etdi.

Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning muvofiqligi rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, qadoqlarda qonunga zid ravishda muvofiqlik belgisidan foydalanib kelingan. Bu holat nafaqat amaldagi qonunchilikka zid, balki iste’molchilarni chalg‘itish va ularga sifati kafolatlanmagan mahsulotni taqdim etish demakdir.

Bundan tashqari, korxonada mahsulotlar tegishli tartibda tamg‘alanmagani, davriy sinovlar o‘tkazilmagani va eng achinarlisi, mahsulotlar hech qanday sifat guvohnomasisiz realizatsiya qilingani aniqlandi. Shuningdek, texnologik jarayondagi o‘lchash vositalarining davlat qiyoslovidan o‘tkazilmagani mahsulot tarkibi va sifatining barqarorligiga shubha tug‘diradi.

Qayd etilgan bu kabi holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni 22 va 27-moddalari, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunining 28, 42 va 46-moddalari hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunining 16 va 20-moddalari talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.

Mazkur qonunbuzarliklar yuzasidan korxona rahbariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, barcha tegishli hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborildi.

Shuningdek, korxonaga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llanilib, aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy talabnoma kiritildi.

Hamroz Bayonov, O‘zA