O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga tashrifi doirasida davlatimiz rahbari bilan muloqotda bo‘lgan AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Sidni Kamlager-Dav OAV vakillarining qisqa savollarga javob berdi:
– Ushbu uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti bilan ilk muloqotingizmi?
Ha, men O‘zbekiston yetakchisi bilan ajoyib uchrashuv o‘tkazdim, deya olaman. Prezident Shavkat Mirziyoyev muloqot chog‘ida o‘z hayotiy tajribasi hamda mamlakat kelajagi borasidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Men uning oliy va maktabgacha ta’lim sohasida erishgan yutuqlari, mamlakatda ayollarni rahbarlik lavozimlariga jalb etish yo‘lidagi ishlaridan ilhomlandim. Shuningdek, har ikki tomon uchun manfaat keltiradigan munosabatlarning ahamiyati haqida suhbatlashdik. Men Prezidentni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bilan ham tabrikladim. Jahon chempionati paytida o‘z okrugimda yurtingizdan keladigan barcha mehmonlarni kutib olish va umid qilamanki, ularni 2028 yil Olimpiada o‘yinlarida yana qabul qilishni intizorlik bilan kutaman.
– Davlatimiz rahbarining Vashingtonga tashrifi haqida qanday fikrdasiz?
– Fikrimcha, Prezidentning C5+1 sammiti uchun AQSHga tashrifi O‘zbekiston Markaziy Osiyoda nechog‘li muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Uchrashuvlarda ishtirok etganimizdan mamnunmiz. Umid qilamanki, C5+1 sammiti Kongress a’zolari uchun juda muhimligini barcha anglab yetadi.
– So‘nggi yillarda diyorimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qanday baholaysiz?
– Muloqot davomida biz Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonga nisbatan ham amaldagi Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish to‘g‘risida, shuningdek chegara xavfsizligi va iqtisodiyot gullab-yashnashi haqida gaplashdik.
Shu o‘rinda O‘zbekiston AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etganini olqishlayman. Menimcha, bu ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va ta’lim almashinuvini rivojlantirishning ajoyib usuli. Shavkat Mirziyoyev juda uzoqni ko‘ra oladigan Prezident.
– Oxirgi payt Markaziy Osiyoda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mintaqa mamlakatlari bir-biriga yaqinlashdi, munosabatlar yanada do‘stona tus oldi. Ushbu yangiliklarda O‘zbekiston, xususan yetakchi Shavkat Mirziyoyevning o‘rni qanday, sizningcha?
– Men Kongressda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mita a’zosiman. Shu sababli AQSH va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish men uchun juda muhim. O‘zbekiston butun mintaqada hal qiluvchi o‘rin egallaganini e’tirof etaman. Shunday ekan barqarorlik, iqtisodiy farovonlik, tinchlik – menimcha, bu masalalarning bari O‘zbekiston butun mintaqa bo‘ylab munosabatlarni boshqarishi va mintaqa miqyosida shunday qudratli kuch sifatida namoyon bo‘la olish qobiliyatiga bog‘liq.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA