Kickstarter platformasida Prolo Ring nomli zamonaviy va minimalist dizayndagi aqlli uzuk taqdim etildi. U kompyuter sichqonchasining o‘rnini bosishga qodir bo‘lib, kampaniya boshlanganidan atigi 9 daqiqa o‘tib kerakli mablag‘ni to‘pladi.
Prolo Ring 5 gramm og‘irlikda bo‘lib, ko‘rsatkich barmoqqa taqiladi. Qurilmada sensorli panel, 6 o‘qli harakat datchigi va teginish sensori mavjud. Kursorni boshqarish, sahifani aylantirish, masshtabni o‘zgartirish yoki turli buyruqlarni bajarish bosh barmoq harakati bilan amalga oshiriladi. Uzuk 40 dan ortiq ishorani taniy oladi va foydalanuvchi ularni o‘z xohishiga ko‘ra sozlashi mumkin.
Loyiha muallifi Jouy Chengning so‘zlariga ko‘ra, Prolo Ring dan foydalanishni o‘rganish uchun atigi 5 daqiqa kifoya. “Bu shunchaki surish va bosishlardan iborat. Sozlash jarayoni esa ijodiy va qiziqarli,” — deydi u.
Prolo Ring o‘yin o‘ynash, internetda ishlash va kundalik kompyuter vazifalarini bajarishda sichqonchani to‘liq almashtira oladi. Ammo 3D-modellashtirish yoki fotosurat tahriri kabi yuqori aniqlik talab qiladigan ishlar uchun u unchalik mos emas — kichik hajm aniqlikni cheklaydi.
Qurilma Bluetooth orqali har qanday tizimga ulanadi, bir soatda to‘liq quvvatlanadi. Biroq batareya sakkiz soatlik ish kunini to‘liq o‘tay olmaydi. Shu sababli to‘plamga zaryadlovchi quti ham kiritilgan bo‘lib, u uzukni 30 kungacha quvvatlab tura oladi.
Prolo Ring hozirda 99 dollarga oldindan buyurtma qilish mumkin, yakuniy chakana narxi esa 199 dollar bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki yetkazib berish 2025 yil dekabriga rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/shf0knqv6D4" title="Sichqoncha o‘rnini bosuvchi aqlli uzuk" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva,
Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA