French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sichanko‘lga qushlar qaytdi
14:33 / 2023-03-15

Bahor – yangilanish, yasharish fasli. Tabiat qaytadan uyg‘ona boshladi. Qir-adirliklar yashillika burkandi. Qashqadaryo viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Mirishkor tumani cho‘llarida ham bahor nafasi esa boshladi. Qo‘y-qo‘zilar allaqachon dalaga chiqqan. Vitaminlarga boy dala maysalaridan to‘ya boshlagan. Suruvni boshlab yuruvchi serka bo‘yniga osilgan qo‘ng‘iroq ajib jaranglaydi.

Ayniqsa, cho‘l bag‘rida yastangan bahri muhit – Sichanko‘l atroflarida bahor nafasi o‘zga yurtlardan uchib keluvchi qushlar sasiga to‘lgan. Bu yerda chumolidan tortib, cho‘l qirg‘iylari parvozini kuzatish mumkin. Baliqchi qushlar ko‘l bo‘ylab parvoz qiladi. Yovvoyi o‘rdaklar esa, guyo raqsga tushayotgandek to‘lqinlar bo‘ylab suzadi. Xavfni sezgandik suvga qanot qoqib uchadi. Bir-birini quvlaydi.  

Xalq tilida cho‘l archasi deya nomlangan yulg‘un va saksovullar kurtak yoza boshlagan. Yovvoyi kovraklar barg yozmoqda. Esayotgan mayin shabboda kishi dilini yayratadi. Ikki kun oldin yoqqan yomg‘ir maysalarning qulog‘idan tortadi. Bahor kelishi bilan sezilarli ko‘paygan ko‘l suvi mavjlanib, qirg‘oqqa uriladi. Qirg‘oq ustuniga bog‘lab qo‘yilgan baliqchilar kemasi og‘ir chayqaladi. Xullas, cho‘lda hayot qaynagan. Qay tomonga boqmang yangilanish, o‘zgarish.  

[gallery-10983]

Hademay bu yerlar qushlar galasiyu, anvoyi gullarga manzil bo‘lishi aniq. Saksovullar barg chiqararkan bu yerlarning tabiati ham o‘zgacha fusunkorlik kasb etadi. Qumliklarga o‘zgacha go‘zallik baxsh etadi. Tabiat qay holda bo‘lmasin, o‘z mo‘’jizalari bilan insoniyatni hayajonga solaveradi. Bu yerlarda boqib cheksizlikni his qilasan, ona zamin saxovatiga tahsin aytasan kishi.  

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA