Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Si Szinpinning “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” kitobi o‘zbek tilida nashr etildi
19:11 / 2023-11-17

Ma’lumki, XXR raisi Si Szinpin 2021 yil 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan mamlakatning qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha yutug‘iga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatda mutlaq qashshoqlik ustidan to‘liq g‘alabaga erishilganini ma’lum qildi. Jahon banki mezoniga ko‘ra, kambag‘allik chegarasidan ham past darajada, o‘ta qashshoq ahvolda yashagan 800 milliondan ziyod aholi nisbatan qisqa muddatda nochor ahvoldan olib chiqildi. Shu tariqa Xitoy davlati insoniyat tarixida ilgari kuzatilmagan buyuk inqilobiy ishni amalga oshirdi.

Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi boy tajribasi, ayni yo‘nalishda bosib o‘tgan murakkab va samarali yo‘lini ko‘plab davlatlar o‘rganmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham kambag‘allikni qisqartirish borasida ushbu mamlakat tajribasi keng ommalashtirilyapti. Si Szinpinning ilmiy asoslangan qarashi, hayotiy misollar aks etgan “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” kitobi ushbu muammoni bartaraf etish mexanizmini yaxshiroq tushunish imkonini beruvchi qimmatli tadqiqot sifatida baholanmoqda.

2016 yil chop etilgan mazkur kitob Xitoy rahbarining 1988-1990 yillarda Fujian muzofotida so‘zlagan nutqlari, mamlakatning kambag‘allikka barham berish tajribasi, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga oid islohoti mohiyati bayon etilgan. Asarning o‘zbek tilidagi nashri 2022 yil “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Xitoyning “Xorijiy tillardagi adabiyotlar nashriyoti” va Fujian Xalq nashriyoti bilan hamkorlikda chop etildi.

Poytaxtimizdagi Kongress-xollda bo‘lib o‘tgan taqdimotda Xitoy delegatsiyasi a’zolari Oliy Majlis Senati vakillari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik, idoralar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev,  Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun so‘zga chiqib, davlatlarimiz o‘rtasida ishonchli sheriklik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

[gallery-14619]

Anjumanda “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” kitobi haqida ma’lumot berildi, O‘zbekiston va Xitoyda davlat boshqaruvi, kambag‘allikni qisqartirishga doir turli mavzularda fikr almashildi.

Mazkur asarda erishilgan natija zamirida muhtojlarga shunchaki pul tarqatish emas, balki muammoga tizimli yondashuv uslubi yotgani ta’kidlangan. Jarayon tarixi, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha hukumat amalga oshirgan turli dastur, chora-tadbirlar, qashshoqlikdan muvaffaqiyatli xalos bo‘lishga yordam beruvchi omillar haqida so‘z yuritilgan.

Asosiy jihatlardan yana biri – muammoni bartaraf qilishda davlatning roli urg‘ulangani. Xususan, muallif qishloqlarda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan faol hukumat siyosati muhimligini ta’kidlaydi. Turli dastur va loyihalar orqali millionlab insonlar turmush darajasini yaxshilash mumkinligiga ishora qiladi. Shuningdek, qishloq hududini rivojlantirish istiqboli, qolaversa qishloqlarning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi o‘ziga xos o‘rni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

– Bu asar davlat va jamiyat boshqaruviga doir eng muhim qo‘llanmalardan biridir, – deydi Xitoy xorijiy tillarda adabiyotlar nashr etish va tarqatish boshqarmasi direktori Du Chjanyuan. – Aslida, kitob nomining asl ma’nosi ong va tafakkur qashshoqligidan xalos bo‘lishni anglatadi. Zero, kambag‘allikdan qutulish uchun birinchi navbatda ongni, dunyoqarashni o‘zgartirish kerak. Shu ma’noda bu asar “Chinakam Xitoy mo‘jizasi ifodasi” sifatida e’tirof etilmoqda.

“Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” asari ijtimoiy siyosat sohasidagi mutaxassislar uchun ham, jamiyat taraqqiyotining turli bosqchilaridagi zamonaviy muammolar va istiqbol mavzusi bilan qiziqqan keng kitobxonlar uchun ham foydali.

Tadbirda Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasi tavsiflangan mazkur kitob mamlakatimizda ayni yo‘nalishdagi faoliyatni atroflicha tahlil qilishga, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan “2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobar, 2030 yilgacha esa keskin qisqartirish” maqsadini amalga oshirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Yakunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasining rahbarlari, yetakchi mutaxassislari kitob haqidagi taassurotlarini so‘zlab berdi.

Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA