XXR raisi Si Szinpin Pekindagi Dyaoyutay davlat saroyida Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenni qabul qildi. Uchrashuvda u Xitoy va Yevropa Ittifoqi birgalikda dunyoda yanada barqarorlikni ta’minlashga mas’ulligini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy va YeI global muammolarga birgalikda javob berishi, dunyoda barqarorlik va farovonlik qaror topishiga ko‘maklashishi kerak.
– Bu yil Xitoy – Yevropa Ittifoqi har tomonlama strategik sheriklik o‘rnatganiga 20 yil to‘ladi, – deya qo‘shimcha qildi Xitoy rahbari. – O‘zaro munosabatning yangi boshlang‘ich nuqtasida biz tarixiy tajribani umumlashtirishimiz, global rivojlanishning umumiy tendensiyasiga rioya qilishimiz, donolik, mas’uliyatni namoyon etishimiz va har tomonlama strategik sheriklik bo‘yicha to‘g‘ri pozitsiyaga amal qilishimiz lozim.
Bugun Pekinda bo‘lib o‘tadigan 24-Xitoy – YeI sammitida XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen vakillik qiladi.