Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shveysariya sudi Gulnora Karimovaning aktivlarini musodara qildi
17:52 / 2021-12-24

Bir qator xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari Shveysariya Federal jinoyat sudi asosiy benefitsiari Gulnora Karimova bo‘lgan “Takilant Ltd.” kompaniyasiga tegishli noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan mablag‘larni musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Biroq, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarda sud qarorining barcha tafsilotlari oshkor etilmagan. Bu esa ushbu ish bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarni keng jamoatchilikka ob’ektiv yetkazishga to‘sqinlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yilda Shveysariya Federal prokuraturasi Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy mablag‘larni legallashtirish va qalbakilashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tergov boshlagan edi. Gap O‘zbekiston bozoriga kirish va to‘siqsiz ishlash evaziga xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan noqonuniy yo‘l bilan olingan yirik mablag‘larni legallashtirish haqida ketmoqda.

Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilgan jinoiy tergov ishlari doirasida Shveysariya Federal prokuraturasi tomonidan ushbu davlat banklarida joylashgan “Takilant Ltd.” kompaniyasiga tegishli 350 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ musodara qilingan.

Joriy yilning 22 dekabrida e’lon qilingan bayonotida Shveysariya sudi G.Karimova va uning sheriklarini noqonuniy mablag‘larni og‘irlashtiruvchi holatlarda legallashtirishda aybdor, deb tan olgani va shu sabab 293 million dollaridan ortiq mablag‘ musodara qilingani haqida xabar berdi.

Bu Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun muhim g‘alaba hisoblanadi. Chunki u mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun imkoniyat ochadi.

Shu bilan birga, sud qaroriga ko‘ra, 70 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ protsessual xarajatlar chiqarib tashlanganidan so‘ng “Takilant Ltd.” kompaniyasiga qaytarilishi mumkin. Ayrim OAV sud qarorining ushbu qismini noto‘g‘ri talqin qilgan holda asossiz ma’lumotlar tarqatmoqda.

Ta’kidlash joizki, Shveysariya federal jinoyat sudining 2021 yil 17 dekabrdagi qarori hali yakuniy qaror emas. Hususan, Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sudning ushbu qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Bundan tashqari, ushbu mablag‘larga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlarning vakolatli organlari tomonidan ularni hibsga olish to‘g‘risida da’vo va order ham mavjud. Bu esa Shveysariya sudining ko‘rsatilgan qarori kuchga kirgan taqdirda ham ushbu mablag‘larni kompaniyaga qaytarish imkonini bermaydi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari Shveysariya va AQSH rasmiylari bilan G.Karimova va uning sheriklarining jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan aktivlarini qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Chunki ushbu jinoyatlardan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgan.

Adliya vazirligi matbuot xizmati