Yevropada bo‘lib turgan “BMB HOLDING” delegatsiyasi a’zolari nafaqat biznes uchrashuvlarda, balki ijtimoiy-madaniy tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 31 yanvar kuni O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi huzurida faoliyat yurituvchi O‘zbek Milliy madaniy markaziga Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi o‘zbek klassik va zamonaviy adabiyoti namoyandalarining 100 dan ortiq eng sara asarlari, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlaridan iborat kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

Ushbu kitoblar Shvetsiyada yashovchi o‘zbek diasporasi hamda mahalliy aholiga milliy madaniyatimiz, tariximiz va adabiyotimizni kengroq tanishtirish, o‘zbek tili va adabiyotini asrab-avaylashga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, ushbu kitoblar to‘plami shu yurtda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Adabiyotlar to‘plamini topshirishga bag‘ishlangan marosimda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nurimbetov, “BMB HOLDING” Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov, Shvetsiyadagi O‘zbekiston Milliy madaniy markazi rahbari Zilola Yo‘lchiyeva hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida o‘zbek adabiyotining chuqur ildizlari, uning jahon madaniy merosidagi o‘rni, ularni dunyo sahnasida keng targ‘ib qilish, milliy o‘zlikni mustahkamlash va yurtimiz madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshirish bo‘yicha turli madaniy-ma’rifiy loyihalarni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri