Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shvetsiya NATOga intilmoqda: xatolar va...
21:36 / 2023-07-04

Rasmiy Stokgolm Turkiya talabini qondirmas ekan, NATO ostonasidan hatlab o‘tolmaydi. Ayni masalada olib borilayotgan muzokaralar esa vaqt yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Zero, o‘ziga ko‘p ishonib yuborgan Shvetsiya ayni jarayonda yo‘l qo‘ygan xatolar bisyor ekani aytilmoqda. Xususan, ushbu skandinaviya mamlakatining Alyansga qo‘shilishini ma’qullashi lozim bo‘lgan Turkiya bilan kechayotgan muzokara jarayonida uchta xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Birinchidan, Stokgolm Vashingtonning Anqaraga bosimi natija beradi, deb o‘ylab, xotirjamlikka berildi. Ikkinchidan, Turkiya tomoni shartini bajarmasa ham bo‘ladi, deb o‘yladi. Yana bir xato shu ediki, Shvetsiya Turkiyaning “qaysarligi” uzoq davom etmasa kerak, deb hisoblagan. Afsuski, voqealar boshqacha rivojlanyapti. “Yeni Şafak” gazetasining dushanba kungi sonida diplomatik manbalarga tayanilgan ayni mavzudagi maqola e’lon qilindi.

– Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun Turkiya roziligini olishi kerak edi, biroq haligacha biror va’dasini bajarmagan, – deb yozgan muallif. – Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qonunga kiritilgan tuzatish 1 iyunda kuchga kirgan bo‘lsa-da, haligacha Kurdiston ishchi partiyasi a’zolari va Fathulloh Gulen tarafdorlari Anqaraga topshirilgani yo‘q.

Anqarada chiqadigan mazkur nashr diplomatik manbalarga tayanib, Shvetsiya yo‘l qo‘ygan uch xatoni shunday ifodalagan:

– Shvetsiya Turkiya talabi bajarilmagan taqdirda ham NATOga qo‘shilamiz, deya o‘zini ishontirib yurdi. Hukumat Turkiya “qizil chirog‘ini” bunchalik uzoq vaqt tutib turmaydi, deb o‘ylagan. Uchinchi xato shuki, Shvetsiya NATOning boshqa a’zolari, ayniqsa, AQSH qo‘llovidan foydalanmoqchi.

Diplomatik manbalarda keltirilishicha, Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Shvetsiya konstitutsiyasiga tuzatish kiritilishi, Stokgolm ayni masalada aniq qadam tashlamas ekan, hech narsani anglatmaydi.

Finlyandiya bilan Shvetsiya 2022 yil mayda Ukraina voqealari silsilasida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza tashlagan. Bu xohishni barcha a’zo mamlakatlar ma’qullashi kerak. 2022 yil iyunda Madridda bo‘lib o‘tgan Alyans sammitida ayni masala a’zo davlatlar tomonidan ma’qullandi. Shundan so‘ng ikki arizani milliy parlamentlar darajasida ratifikatsiya qilish jarayoni boshlandi va joriy yil boshiga qadar 30 a’zoning 28 tasi tomonidan ratifikatsiya qilindi. Faqat Vengriya va Turkiya Shvetsiya masalasi alohida ko‘rib chiqilishini bildirdi. 31 martgacha Finlyandiya arizasini barcha a’zolar ratifikatsiya qilib bo‘ldi. Shu tariqa 4 aprel kuni Finlyandiya NATOning 31-a’zosiga aylandi. Vengriya va Turkiya tomonidan haliyam ma’qullanmagan Shvetsiya esa hozircha kema sahnidan tashqarida qolmoqda. Qolaversa, Shvetsiyada muqaddas Qur’on nusxasini yoqish holati davom etar ekan, Turkiyaning ushbu mamlakatni Alyansga a’zo bo‘lishiga qarshi turish qarori qat’iylashib boraveradi.

S.Rahimov, O‘zA