Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shut qishlog‘idagi maktabda ba’zi fanlar o‘qitilmayapti
16:39 / 2025-10-30

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari nima deydi?

Har gal olis tog‘li qishloqlarda yashayotgan aholining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlariyu hududning so‘lim tabiati haqida lavha tayyorlashga borar ekanmiz, u yerda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilarning faoliyatiga ham bir bor nazar tashlaymiz.  

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining tog‘li hududida joylashgan eng olis qishloqlari – Denovbola, Aspiduxtar va Shutga qilgan safarimiz davomida ham bu an’anaga sodiq qolib, yo‘l-yo‘lakay tog‘lik bolajonlarning qay darajada ta’lim olayotgani bilan qiziqdik.  

Masalan, hududdagi Shut qishlog‘i tuman markazidan taxminan yuz kilometr uzoqlikda joylashgan. Qishloqdagi ta’lim muassasasi Denovbola qishlog‘idagi 60-maktabning Shut filiali hisoblanadi va u yerda ayni paytda jami 42 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.  

Maktab bilan tanishar ekanmiz, juda og‘riqli muammoga duch keldik. Ayni paytda ushbu maktabda ko‘pgina muhim fanlar o‘qitilmasdan kelayotgan ekan. Ochig‘i, bugun mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan katta  e’tibor va imkoniyatlarni bilaturib, bu holatdan hayratlandik.  

Jumladan, Shutdagi maktab filialida matematika, informatika, geografiya, tasviriy san’at va chizmachilik, fizika, kimyo, astronomiya, iqtisodiy bilim asoslari, musiqa madaniyati, o‘zbek va jahon tarixi, davlat huquqi asoslari, tarbiya, ingliz tili kabi fanlar umuman o‘tilmas ekan.  

Xo‘sh, nega shutlik o‘quvchilar ushbu fanlarni o‘qimasdan maktabni tamomlashmoqda?

– Maktabimiz Denovbola qishlog‘idagi asosiy maktabdan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan, – deydi o‘zini tanishtirishni istamagan pedagoglardan biri. – Ushbu fanlarning o‘qitilmasligiga asosiy sabab mutaxassis yo‘q. Eng yomoni, boshqa hududlardan ham o‘qituvchilar kelib dars berishmaydi. Sababi, maktablarimiz olis hudud sifatida ro‘yxatga kiritilmagani uchun uzoqdan kelib dars beruvchilarga ustama to‘lanmaydi. Hech qanday imtiyoz va imkoniyatlar berilmaydi. Bundan tashqari, qishimiz juda seryog‘in, yo‘limiz esa abgor. Shuning uchun hech kim kelmaydi.  

Maktab jamoasining ta’kidlashicha, faqatgina azbaroyi o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan fidoyilikkina ularni ushbu hududlarga yetaklab kelishi mumkin. Ammo hozircha bunday fidoyilar topilmayapti.  

Qishloqdagi qaysi bir aholi vakili bilan suhbatlashmaylik, ular ham farzandlarining sifatli ta’lim olishini, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishidan umidvor ekanini bot-bot ta’kidlaydi.  

Bu kabi muammo qo‘shni Aspiduxtar qishlog‘idagi maktab filialida ham bor. U yerda o‘qiyotgan 12 nafar o‘quvchiga ham ingliz tili, informatika, tarix, matematika kabi fanlar o‘tilmaydi. Qolgan fanlar asosiy maktabdan, abgor tog‘ yo‘lining har qanday sharoitlariga qaramasdan, qatnab ishlaydigan fidoyi o‘qituvchilarning sa’y-harakati bilan qoplab kelinmoqda. Ularning mashaqqatli faoliyati haqida avvalgi maqolalarimizda aytib o‘tgan edik. Boisi, qancha mashaqqat chekib, qish-qirovli kunlarda ham maktab filialiga kelib dars bergani uchun ularga hech qanday qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.  

Bugungi rivojlangan zamonda onlayn darslar tashkil qilsa bo‘lmasmikan, degan fikrni ilgari sursak, u hududlarda nafaqat internet, balki telefon aloqasi ham ishlamaydi.  

Asosiy maktab hisoblangan Denovbola qishlog‘idagi 60-maktabning o‘zi ham bu kabi muammolardan xoli emas. Masalan, u yerda 176 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda va ularga ham shu choqqacha ingliz tili fani o‘tilmasdan kelayotgan edi. Joriy o‘quv yilidan boshlab Buxoro viloyatidan ingliz tili o‘qituvchisi kelib dars bera boshladi. Unga 30 soat dars ajratildi. Ammo yana 3 soat ingliz tili darsi o‘tilmasdan kelmoqda.

Qiziq savol tug‘iladi: Shut, Aspiduxtar va Denovbola kabi tuman markazidan 100 kilometrlab uzoq masofada joylashgan, tog‘li qishloq maktablari olis hududlar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, viloyatdagi qaysi maktablar ushbu ro‘yxatga kiritilgani bilan qiziqdik?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi  471-sonli qarorida Qashqadaryo viloyatidan jami 11 tuman, 50 ta mahalla kiritilgan ekan. Eng qizig‘i, qarorda Kitob tumanidan birorta ham mahalla qayd etilmagan.  

Qiyoslash uchun, masalan, Qarshi tumanidagi Poshton mahallasi Qarshi shahridan 23 kilometr, tuman markazi hisoblangan Beshkent shahridan esa 15 kilometr uzoqlikda va olis hududlar safiga kiritilgan. Tumandagi Xonobod mahallasi esa bundanda yaqin masofada joylashgan. Bu kabi misollarni boshqa tumanlar misolida ham ko‘rish mumkin.  

Ushbu masala yuzasidan Kitob tuman maktabgacha va maktab tuman ta’limi bo‘limi rahbari Mansurxon Joniyevdan izoh so‘radik.  

– Haqiqatda tumanimizda 60, 68, 67-maktablarda pedagog kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar bor, – deydi mas’ul. – Olis hududlar ro‘yxatiga ham kiritilmagan. Bu masala bo‘yicha bir necha bor o‘rganishlar olib borganmiz va kerakli ma’lumotlarni rahbariyatga taqdim qilganmiz.  

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi  mas’ullarining ham javobi taxminan shunday bo‘ldi. Mas’ullar “muammolardan xabarimiz bor, bu bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni berganmiz”, deya iddao qilsada, Kitob tumanining olis qishloqlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarga bugungi kunga qadar muhim fanlar o‘tilmasdan kelayotgani fakt va ular ham sifatli ta’lim-tarbiya olishga haqli.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 743-sonli qarori ham qabul qilingan bo‘lib, unda byudjet tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq to‘lashni tartibga solish, respublikaning ayrim hududlaridagi tabiiy-iqlim sharoitlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib mehnatga haq to‘lashni tartibga solish masalalarida bozor prinsiplarini keng joriy etish va yondashuvlarni birxillashtirish asosida xodimlarni rag‘batlantirish va ularning mehnatiga haq to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha ham ma’lum normalar belgilangan ekan. Afsuski, yuqorida aytib o‘tilgan Shut, Aspiduxtar, Denovbola kabi qishloqlar bu imkoniyatlardan ham mosuvo.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, kelajak avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi har narsadan muhim. Boisi, ular ertaga mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi. Albatta, ushbu muammoni tuman yoki viloyat darajasida hal qilishning imkoni yo‘q. O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari Qashqadaryoning olis tog‘li hududlarida bugungi kunda mana shu ahvolda ta’lim olayotgan qorako‘zlarning taqdiriga befarq bo‘lishmaydi va muammoning tez fursatlarda ijobiy yechim topishiga ko‘maklashadi.  

Mavzuga hali qaytamiz.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),

O‘zA muxbirlari