Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shushada yana mug‘om ohanglari yangrashiga sanoqli kunlar qoldi
17:08 / 2021-09-29

TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisida 2022 yilda Turkiyaning Bursa shahri va 2023 yilda esa Ozarbayjonning Shusha shahari «Turkiy dunyo madaniyat poytaxti» deya e’lon qilindi.

Kuni kecha Ozarbayjon Prezidenti administratsiyasi tashabbusi bilan MDH mamlakatlarining bir guruh jurnalistlari uchun Shusha shahriga media-tur uyushtirildi.

Jahonda har bir toshi, har bir ko‘chasi musiqa bilan qorishib ketgan shaharlar kamdan kam topiladi. Biz bu borada Avstriya poytaxti Venani, Italiyaning Neapol shahrini tilga olamiz. Ozarbayjonning Shusha shahrini ham mana shu ikki shahar qatoriga qo‘shish mumkin. Tahlilchilar Shushani Ozarbayjon she’riyati va musiqasining beshigi hamda ibodatxonasi, «Kavkaz konservatoriyasi» deb atashadi. Aynan shu shaharda Ozarbayjon musiqa san’atining durdonasi bo‘lmish «mug‘om» (maqom) tug‘ilgan.

Mashhur shoir Samad Vurg‘unning so‘zlari bilan aytganda, Ozarbayjonning deyarli barcha mashhur shoir va mashshoqlari Shushada tug‘ilib voyaga yetishgan. Qadimiy davrlardan to shu kunga qadar shushalik iste’dodli musiqachilar Ozarbayjon musiqasini nafaqat o‘z vatanlarida, balki butun dunyoga namoyon qildilar. Shusha va mug‘omni ozarbayjonliklar bir-biridan aslo ajratishmaydi. «Agar sen mug‘om aytishni bilmasang, o‘zingni shushalik deb ayta olmaysan» yoki «Shushaliklar yo‘rgakdanoq mug‘om ohanglari ostida yig‘laydilar» deyishadi ozarbayjonliklar.

Shu sababli ham Shushani «kuylovchi shahar» deb atashadi. Shushalik xonandalarni nafaqat Ozarbayjonda, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlarda ham hurmat qilishadi, e’zozlashadi.

Darhaqiqat, XVIII —XIX asrlarda Shushada mashhur xonandalar tomonidan tashkil etilgan buyuk mug‘om maktablari faoliyat yuritgan. Bu maktablar nafaqat Kavkazda, balki butun Yaqin Sharqda mashhur bo‘lgan.  

XVIII asrda aynan Shushada mashhur shoir Mulla Panoh Voqif yashab, ijod qilgan. Uning ijodi Ozarbayjon adabiyoti va musiqasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Shoirning she’rlari xalq tomonidan qo‘shiq qilinib, kuylangan.

Ozarbayjon xalqi qadimiy va boy musiqa durdonasiga ega. Bu xalqning musiqasiga oid ma’lumotlar eramizdan avvalgi asrlarga oid qoyatosh rasmlarda aks etgan. O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Nizomiy va Fuzuliylar ham o‘zlari mansub bo‘lgan xalqning musiqasi haqida yozib qoldirishgan. XIX asr oxirlariga kelib Ozarbayjonda musiqa majlislari, jamiyatlari, guruhlari tashkil etilib, ozarbayjon musiqasining rivojiga hissa qo‘shdi.

Musiqashunos Harrat Gulu Muhammad o‘g‘li(1823-1883) Shushada musiqa maktabi tashkil etib, bu dargohda mug‘om asoslari o‘rgatila boshlandi. Bu maktab mashhur xonandalarni yetishtirib berdi. Musiqa maktablarida ko‘zga ko‘ringan musiqachilar Sharq musiqasining nozik sirlarini yosh xonandalarga o‘rgatishdi. Musiqa majlislari milliy musiqa ruhini saqlab qolishga, uni ajnabiy ohanglar bilan qorishib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Musiqa, sanat va she’riyatdagi nozik qirralar muhokama qilingan bu kabi majlislar to‘y va turli bayram qo‘shiqlarini asl durdonalar bilan aralashishib ketishini oldini oldi. Bu jamoalar xalq madaniy hayotida katta o‘rin tutishgan.

1992 yilning 7-8 may kunlari 250 yillik tarixga ega, Qorabog‘ o‘lkasida Panax Ali xon tomonidan asos solingan Shusha shahri yer yuzidan deyarli supurib tashlandi.

Shaharning okkupatsiya qilinishi oqibatida ozarbayjon millatiga mansub 23 ming 156 nafar aholi kindik qonlari to‘kilgan makonlaridan haydab chiqarildi. 12 maydan boshlab qurolli guruhlar shahardagi tarixiy-me’moriy, san’at va diniy yodgorliklarni buzib tashladi. Shu tariqa shahar vayronaga aylandi. Qurolli to‘qnashuv oqibatida 197 shushalik halok bo‘ldi. 300 kishi jarohat oldi. Shu tariqa Qorabog‘da milliy tozalash jarayonlari boshlandi.

Qorabog‘ xonligining yuragida joylashgan Shusha 1751 yildan 1797 yilga qadar fors shohlari tomonidan istilo qilingan bo‘lishiga qaramay aslo taslim bo‘lmagan edi.  

XIX-XX asrlarda mahalliy aholini ko‘chirish siyosati olib borildi. Buning natijasida mintaqaga arman millatiga mansub aholi ko‘chirib keltirildi, ular o‘z navbatida bu yerda qadimdan armanlar istiqomat qilib kelganini isbotlashga urinishdi.

Tarixchilarning fikricha, Shusha hamisha ozarbayjon xalqining madaniyat markazi, musiqa va san’atining beshigi bo‘lib kelgan. Qorabog‘ xonligining poytaxti bo‘lmish Shusha qisqa vaqt ichida Ozarbayjonga ko‘plab siyosatchi, harbiy arbob, filosof, yozuvchi, shoir, xonanda, bastakor va musiqachi, rassom va arxitektorlarni yetkazib bergan.  

Jug‘rofiy joylashuvining qulayligi, iqtisodiy rivojlanishi, tabiatining go‘zalligi sabab bo‘lsa kerak Shusha uzoq muddat fan, she’riyat, musiqa markazi bo‘lib kelgan.  

Ozarbayjon tarixida ilk bor teatr, sirk namoyishlari, g‘arb va sharq konsertlari, musiqiy, ilmiy, ma’rifiy yig‘ilishlar ayni shu shaharda paydo bo‘lgan. Bundan tashqari bosmaxona, kutubxonalar, zamonaviy bilim yurtlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar ham ilk bor Shushada ochilgan.  

Tog‘li Qorabog‘dagi Shusha shahriga Panoh Alixon tomonidan 1751 yilda muhofaza qalasi sifatida asos solingan. Avvaliga shahar o‘z asoschisi sharafiga Panohobad deb nomlangan. Keyinchalik esa qalaga yaqin atrofdagi Shushikent qishlog‘ining nomi beriladi va Shusha deya nomlanadi.  

Shusha 1756 yildan 1823 yilga qadar Qorabog‘ xonligining ma’muriy markazi bo‘ldi. Shusha hamisha Qorabog‘ning toji bo‘lib kelgan.  

Ming afsuski, 1992 yilning mayida gullab-yashnagan shahar tanazzulga yuz burdi. Maktablar, me’moriy yodgorliklari vayron qilingani bois shahar deyarli xuvillab qoldi. Ozarbayjonning durdonasi bo‘lmish Shushaning egallab olinishi va vayron qilinishi ayanchli holdir. Mana nihoyat, o‘tgan yili mintaqada tinchlik qaror topdi. Endilikda Ozarbayjon musiqasining beshigi va ibodatxonasi bo‘lmish Shushada yana «Qorabog‘ bulbullari» tomonidan mug‘om ohanglari yangray boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

 

 

Sharofiddin To‘laganov