21-22 noyabr kunlari Qurolli Kuchlar Akademiyasining dala o‘quv bazasida «Shunqorlar» harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda «Vatanparvar» tashkilotining hududiy kengashlaridan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turuvchi 154 nafar, hamda uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoasi ishtirok etdi.
O‘yinlar Toshkent viloyatida joylashgan Qurolli Kuchlar Akademiyasining dala o‘quv bazasida tashkil etilib, yoshlar bevosita unda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va dala o‘quv moddiy negizi bilan yaqindan tanishdi.
Qurolli Kuchlar Umumqo‘shin nizomlarining ichki tartib qoidalari asosida kursantlar yotoqxonasida yashab, kursantlarning kundalik hayoti, harbiy xizmat o‘tashning shart-sharoitlari bo‘yicha ko‘nikmalar hosil qilishdi. O‘yinlarda asosan, uchta blokdan iborat sinovlar o‘tkazilgan.
Shuningdek, «Harbiy-vatanparvarlik blokida» jamoasi a’zolarining O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
«Harbiy-amaliy ko‘pkurash blokida» jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar.
«Sport blokida» jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar. «Mohir mergan» va «O‘zbekiston harbiy tarixi bilimdoni» nominatsiyalari bo‘yicha ham shaxsiy birinchiliklar o‘tkazildi.
Harbiy o‘yinlarda Toshkent viloyati jamoasining qo‘li baland kelib, birinchi o‘rinni egalladi va O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisining ko‘chma kubogi sohibi bo‘ldi.
2-o‘rin Namangan viloyati jamoasiga, 3-o‘rin esa Surxondaryo viloyati jamoasiga nasib qildi. Faxrli o‘rinlarni egallagan jamoa a’zolariga, va nominatsiya g‘oliblariga «Vatanparvar» tashkilotining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA