Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi ularning muammolarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilanib, respublika va tuman miqyosidagi rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

– Bugungi kunda tumanda 22 ming 706 nafar yosh bo‘lib, shundan 14-30 yoshdagilar 10 ming 631 nafarni tashkil etadi. Yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Yoshlar balansi”ni shakllantirish maqsadida 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida qayta xatlov o‘tkazish ishlari olib borildi. Tadbir davomida 10 ming 631 nafar yosh xatlovdan o‘tkazilib, “yashil” toifadagilar 7 ming 677 nafarni, “sariq” toifadagilar 2 ming 692 nafarni, “qizil” toifadagilar 329 nafarni tashkil etadi. “Og‘ir” toifadagi ishsiz yoshlardan 23 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosidagi rahbarlarga, 239 nafari esa tuman hokimi, uning o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlariga biriktirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida yil yakuniga qadar 261 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Xususan, 89 nafar yosh ish o‘rinlariga joylashtirildi, 74 nafariga imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi, – deydi Shumanay tumani yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Farxad Xodjabayev.

Bitiruvchi va ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Manzilli reja” ishlab chiqildi. Unga muvofiq mehnat bozoriga kirib kelgan 545 nafar bitiruvchi va ishsiz yoshning ro‘yxati shakllantirildi. Shundan 27 nafar ishsiz yosh, 129 nafar maktab, 130 nafar kasbiy ta’lim, 259 nafar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchisi bo‘lib, shundan 515 nafarining bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari profilaktik hisobda turgan 35 nafar, probatsiya hisobida turgan 16 nafar, agressiv xulq-atvorga ega bo‘lgan 13 nafar hamda jazoni ijro etish koloniyalaridan ozod qilingan va sudlanganlik muddati tugamagan 3 nafar yosh tumandagi huquqni muhofaza qilish organlariga otaliqqa biriktirildi.
O‘tgan yili 315 nafar yosh Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Serbiya, Turkiya, Litva, Germaniya, Xitoy, Xorvatiya, Angliya, AQSH davlatlariga ishlash, o‘qish va yashash uchun ketgan. Shundan migratsiyadan qaytgan 58 nafar yosh doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 22 nafari tadbirkorlik uchun kredit bilan ta’minlanib, 5 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 10 nafar yosh esa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

Shuningdek, yoshlar tizimini raqamlashtirish, ularga berilayotgan imtiyozlarning adolatliligini ta’minlash, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni 3 bosqichda monitoring qilish imkonini beruvchi yagona elektron platformasi orqali 138 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 134 nafari “Yoshlar daftari”dan chiqarildi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 387 nafar yoshga 300 gektar yer maydoni auksion savdolari orqali ajratilgan edi. Bugungi kunda ularning yer maydonlaridan foydalanishi va ekin ekish holatlari monitoring qilib borilmoqda. Hozirgi kunda 338 nafar yosh tomonidan 263,3 gektar yer maydonidan yil yakunida 257 tonnadan ziyod mahsulot olinib, 1 milliard 982 million so‘m daromad qilindi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan besh bosqichli, ya’ni mahalla-sektor-tuman-hudud va respublika bosqichlari bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shashka, shaxmat, vorkaut, “Zakovat” intellektual o‘yini, gandbol, milliy kurash, voleybol, yengil atletika, stol tennisi, stritbol musobaqalari muntazam o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun futbol va mini futbol, gimnastika, armrestling, kibersport, “Yosh kitobxon oila”, “Yosh rassom”, “Yoshlar ovozi”, “Mohir pianinochi” tanlovlari va parasport turlari bo‘yicha musobaqalarga tuman bo‘yicha 15 ming 623 nafar yoshlarning ishtiroki ta’minlangan.
Tuman hokimi, tuman prokurori, IIB va tuman soliq inspeksiyasi boshliqlari tomonidan mahallalarda yoshlar bilan har oyda bir marta uchrashuv o‘tkazilgan bo‘lsa, ularda 151 nafar yosh tomonidan murojaat tushgan. Rahbarlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda hamda onlayn suhbatlarda bildirilgan murojaatlarning barchasi ijobiy hal etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.