OʻzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Mahalladagi ishbilarmon ayol” tanlovi Shumanay tumanida yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tanlov xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash va mahallalarda iqtisodiy faollikni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovning mahalla bosqichi tumandagi “Munchoqli”, “Madaniyat”, “Toza bozor”, “Sarmanbay ko‘l” va “Mamiy” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z mehnati, tashabbusi va qat’iyati bilan mahalla hayotida faol ishtirok etib kelayotgan tadbirkor xotin-qizlar saralab olindi. Har bir ishtirokchining faoliyati o‘rganilib, ularning ish tajribasi, yaratgan ish o‘rinlari va mahalla rivojiga qo‘shayotgan hissasiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, “Munchoqli” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hunarmand Madina Xojabayeva qariyb o‘n yildan buyon milliy hunarmandchilikni rivojlantirib kelmoqda. U qo‘y junidan gilamlar, milliy liboslar va oyoq kiyimlar tayyorlab, asrlar davomida shakllangan an’analarni zamonaviy uslub bilan uyg‘unlashtirmoqda. Uning ustaxonasi nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlar uchun ham qiziqarli maskanga aylangan. E’tiborlisi, tadbirkor tayyorlayotgan mahsulotlar xorij bozorlariga eksport qilinib, milliy brendimizni xalqaro miqyosda namoyon etmoqda. Shu bilan birga, u o‘z tajribasini yoshlarga o‘rgatib, ko‘plab shogirdlar tayyorlab, mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi tadbirkor Marziya Shermanova esa, tikuvchilik yo‘nalishida o‘z brendini shakllantirib, “Marziya Tailor” atelesini yo‘lga qo‘ygan. U zamonaviy va sifatli liboslar ishlab chiqarib, mahsulotlarni hududiy bozorlarga hamda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilmoqda. Ayni paytda u mahalladagi besh nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlab, ularning barqaror daromad topishiga sharoit yaratgan. Marziya o‘z faoliyatida bozor talabini chuqur o‘rganish, sifat va zamonaviy dizaynga ustuvor ahamiyat qaratish orqali kichik biznesni barqaror rivojlantirishga erishmoqda.
Tanlovda “Toza bozor” mahalla fuqarolar yig‘inida yakka tartibdagi tadbirkor Manzura Rejepovaning go‘zallik saloni, “Sarmanbay ko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida gipsdan dekorativ buyumlar ishlab chiqarayotgan Shahribonu Yusupova hamda “Mamiy” mahalla fuqarolar yig‘inida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Guljamol Jamiyevaning ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Ularning har biri o‘z yo‘nalishi bo‘yicha hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Tanlov yakuniga ko‘ra, munosib deb topilgan ishbilarmon ayollarga tuman bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalar topshirildi.
Xulosa qilib aytganda, bunday tashabbuslar mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar iqtisodiy faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, faol ayollarni qo‘llab-quvvatlash orqali oilalar farovonligi va hudud iqtisodiy taraqqiyoti mustahkamlanmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA