Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shumanayda to‘rtta mahallada sayyor qabul o‘tkazildi
00:13 / 2021-04-18

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi G.Bazarbayeva va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Nurlipesov tomonidan Shumanay tumanida o‘tkazilgan mahallalar kesimidagi sayyor qabullarda tumandagi huquqiy jihatdan ko‘makka muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar tinglandi. Murojaatlarni joyida hal etish va zarur huquqiy maslahat berish uchun tadbirda tuman hokimi, prokuratura va ichki ishlar bo‘limi ma’sullari ham ishtirok etdi.

“Tozabazar” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan bo‘lgan muloqotlar davomida shu mahallada istiqomat qiladigan Z.Doshekenova pandemiya tufayli bankdan olgan kredit qarzini to‘lashga qiynalayotganini aytib, kreditning to‘lov muddatini uzaytirib berishni so‘radi. Bu masalada fuqaroga qayerga murojaat qilishi to‘g‘risida tushuncha berildi.

Ushbu mahallada yashovchi G.Yesbosinova arzandlarining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘idan aliment undirish masalasida murojaat qildi. Bu masalada ariza bilan sudga murojaat qilish tartibi tushuntirildi.

Shu mahalladan G.Begjanova esa turmush o‘rtog‘idan aliment undirish va o‘ziga tegishli mol-mulklarni olib berish masalasida sudga murajaat qilgan, lekin vaqtincha ishsiz bo‘lganligi bois davlat bojini to‘lashga moddiy imkoniyati yo‘q. Qabulda murojaat joyida o‘rganilib, oilaviy sharoiti hisobga olinib, uning huquqlarini himoya qilgan holda tuman prokurori tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritiladigan bo‘ldi.

“Mamiy” ovul fuqarolar yig‘inida 3 nafar fuqaroning bankdan imtiyozli kredit olish, tibbiyot muassasasida bepul davolanish uchun order va bola asrab olish borasidagi murojaatlari tinglanib, ularga tegishli tartibda huquqiy tushunchalar berildi.

“Begjap” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi N.Ramanova fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudi tomonidan turmush o‘rtog‘idan aliment undirish belgilangan, ammo shu kunga qadar aliment undirilmayotganligidan norozi ekanligini bildirdi. Uning bu murojaati tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olinadigan bo‘ldi.

“Tazabazar”, “Mamiy”, “Begjap” va “Qarabayli” ovul hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida jami 20 nafar fuqaroning murojaati tinglanib, ularga zarur huquqiy maslahatlar berildi. Bir nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA