FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida keyingi yillarda chorvachilikni rivojlantirish, eng ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish, aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jarayonda chorva mollarini turli kasalliklardan himoyalash, vaqtida veterinariya talablari asosida emlash, chorva mollari uchun kuzgi va qishki mavsumga mustahkam ozuqa bazasini tayyorlash, sog‘lom va naslli mollarni ko‘paytirish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-24231]
Ta’kidlash kerak, tuman hududida bugungi kunda chorvachilik yo‘nalishida jami 33 ta, shundan 18 ta qoramolchilik, 2 ta echkichilik, 6 ta parrandachilik, 1 ta quyonchilik hamda 6 ta baliqchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tumanning “Qoraboyli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sulton bereketli chorva” fermer xo‘jaligida naslli chorva mollari parvarishlanadi. Fermer xo‘jaligiga 2020 yil oktyabrda Avstriya davlatidan jami 27 bosh “Simmental” zotli yirik shoxli qora mollar olib kelingan. Hozirga kelib ularning soni 55 boshga yetgan.
Ushbu xo‘jalikda naslli qoramollardan tashqari qo‘y va echki parvarishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilda chorva mollari uchun ozuqa ekinlari, jumladan, 6,5 gektar maydonga beda, 7 gektar maydonga makkajo‘xori, 9 gektar maydonga oq jo‘xori, 1 gektar maydonga lavlagi va poliz ekinlari ekildi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA