O‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri Muqimiyga maktub
Muqimiy bobo! Anchadan buyon sizning g‘azallaringiz, muxammas, ruboiy va fardlaringizni o‘qib, siz bilan yaqindan dillashishni niyat qilgandim. Bugun bunga jazm etdim. Zero, siz yozganingizdek:
Ey sipehrida sayodat mohi tobon, assalom,
Bahrida oliy nasablig‘ durri g‘alton, assalom.
Borki ko‘rdim, mashoyixzodalarni ko‘rmadim,
Sizdek ismat pardasida pok domon, assalom.
Bu duo shomu sahar: gar boqsalar soy toshlari,
Daf’atan bo‘lg‘ay iloho la’lu marjon, assalom.
Orzular burjiddin aylab tulu’ iqbolingiz,
Aylasun Haq davlatingizni farovon, assalom.
Vaqt shiddat bilan o‘tib bormoqda. Shunga monand xalqimiz – mardum hayoti, turmush tarzi ham kun sayin, soat sayin ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda, farovonlik, baxtiyorlik, dorilomonlik sari yuz burmoqda. Bir paytlar siz orzu qilgan zamonlarni ko‘rish, ne baxtki, bizga nasib etdi. O‘zbekiston degan davlat dunyo xaritasidan mustahkam joy oldi. Mana, 33 yildirki, Vatanimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritib, yangi istiqbol va taraqqiyot sari dadil odimlamoqda. Yangi O‘zbekistonni, bu jannatmakon o‘lkada yuz ko‘rsatayotgan yangi rivojlanish bosqichi – Uchinchi Renessansni dunyo ahli e’tirof etmoqda. Shaharu qishloqlarimiz yanada go‘zal qiyofa kasb etayotir. Ayniqsa, siz tug‘ilgan Qo‘qon shahri bugun butunlay o‘zgargan. Keyingi yillarda shaharda ko‘rimsiz binolar o‘rnida zamonaviy inshootlar qad rostladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor 2019 yilda Xalqaro hunarmandchilik festivali tashkil etilib, dunyoning manaman degan ustazodalarini Qo‘qonga jamladi. Endilikda bu nufuzli festival an’anaviy tus olgan. Latif shahar jahon hunarmandlar shahri degan maqomga ega bo‘ldi.
Bir paytlar siz yurgan tor, loy ko‘chalar o‘rnida bunyod etilgan keng va ravon yo‘llar, muhtasham inshootlar barchaning havasini keltirmoqda.
Bozor chiqmay endi zinhor, aroba qursin,
To kelganingcha aylar bezor, aroba qursin.
Nogoh qayfi uchkay, kelsa agar taraqlab,
Ichgan giyohi bo‘lsa ko‘knor, aroba qursin.
Keng ko‘chalarni qilg‘ay o‘lg‘uncha besaranjom,
Qilmay o‘shal hunar deb najjor, aroba qursin.
Bobo! Bugun bir manzildan boshqa manzilga yetish uchun sahardan to kechga qadar ovora-yu sarson qiladigan, siz o‘z g‘azalingizda bayon etgan aroba yo‘q endi. O‘zbekiston o‘zining eng zamonaviy avtomobil zavodiga ega. O‘zimizning avtomashinalar ko‘z ochib yumguningizcha manzilingizga eltib qo‘yadi. Keng va ravon yo‘llar, ko‘chalar chetiga ekilgan gulu rayhonlar kishining bahri dilini ochadi, xush kayfiyat ulashadi. O‘sha siz kabi bobolarimiz ertak deb o‘ylagan orzular bugun ro‘yobga chiqmoqda. Yaqinda Qo‘qon aeroporti yangidan ochildi. Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi aynan shu yerdan boshlangani tarixiy voqea bo‘ldi. Aeroportga ilk bor yirik havo kemasi qo‘ndi.
Mazkur havo qo‘nalg‘asi, bugungi tilda aytganda – aeroport 1977 yilda qurilgan bo‘lib, yaqin yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi. Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurildi, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlandi. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatildi. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli havo kemalari – samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tasavvur qilyapsizmi, bobo, Ho‘qandi latifdan samolyotga o‘tirasiz-da, mamlakatimizning istalgan go‘shasiga qushdek parvoz qilasiz, qulay o‘rindiqlarga joylashib olib, osmonu falakdan jannatmonand yurtimiz jamolini havas ila tomosha qilasiz! Ana, sayohat-u mana sayr! Axir, o‘zingiz bitganingizdek, “goh sayr ham darkor...” Ayniqsa, bugungiday go‘zal va betakror yurt manzaralari ko‘zni quvnatadi, dilga zavq bag‘ishlaydi.
Siz yana bir g‘azalingizda:
Ko‘chaga chiqmoqqa lekin saxt hayron qildi loy,
Qor yog‘ib, qaytib bahor erdi, zimiston qildi loy.
Barfu boron ustig‘a tinmay yog‘ib bo‘lg‘onicha
O‘zi ham chog‘imda o‘lguncha pushaymon qildi loy,
deya o‘sha paytlardagi loy ko‘chalardan noligansiz. Bugun to‘rt polosali avtomobil yo‘llari, zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan ichki yo‘llar armon, nadomat emas, balki orzu va intilish, baxtiyorlik va hayotdan rozilik timsoliga aylanib ulgurgan. O‘zimizda, o‘zimizning malakali yigit-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomashinaga o‘rnashib, bu yo‘llarda borarkansiz, obodlikdan, saranjom-sarishtalikdan ko‘ngil yayraydi.
Sizning har bir ijod namunangiz biz uchun qadrli. Ayniqsa, “Sayohatnoma”ni o‘qib, o‘tmishdagi qishloq holatidan xabardor bo‘lamiz:
Oltiariq qursin o‘shal,
Sellarda qoldim bir mahal,
Bo‘ldim ivib yomg‘urda shal,
To‘n shilta, ho‘l ezor ekan.
Bobo, Farg‘onaning bugungi qishloqlari jamolini ko‘rsangiz edi! Hayratga tushishingiz aniq. Shaharnikidan qolishmaydigan muhtasham uylar, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, gavjum guzarlar, qo‘yingki, barchasi inson manfaatiga qaratilganligi bilan muhim o‘rin tutadi. Bag‘dod tumani Guliston mahallasida boshlangan yangi uy-joylarning qurilishi minglab oilalar uchun baxt koshonasi bo‘ldi. Bu Bag‘dod tajribasi sifatida bugun barcha joylarda ommalashmoqda.
Oltiariq taniqli shoiru tadbirkorlari, Rishton hunarmandlari, Beshariq lafzi halol dehqonlari bilan dovrug‘ qozongan. Sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bugun jahon bozorida o‘z xaridoriga ega. Har bir hududning “drayveri” aniqlab olingan, ishlab chiqarish korxonalari, zavodlar soni yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, o‘tgan yetti-sakkiz yilda viloyatimizda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi. Farg‘ona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi. Chindan ham, yurtimiz tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun muhim, qulay mamlakatga aylandi. Qadimgi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu zamin yana mag‘rib-u mashriqni bog‘lovchi ko‘prikka aylanib ulgurgan. Bu borada Farg‘ona viloyatining ham o‘z salohiyati, o‘ziga xos o‘rni borligi quvonarlidir.
Bobo, bugun bu zaminda milliy qadriyatlar qayta ko‘z ochdi. Odamlar qalbi va ongida yaratuvchanlik, kelajakka ishonch, g‘ayrat-u shijoat jo‘sh urmoqda. Sizning boqiy satrlaringizda bitilganidek:
Ammo nazarda Roshidon –
Firdavs bog‘idin nishon,
O‘ynab oqar obi ravon,
Sahni gulu gulzor ekan.
Ayniqsa, viloyat markazi – Farg‘ona shahri ulkan bunyodkorlik maskaniga aylangan. Keng va ravon ko‘chalar, ko‘plab madaniy-maishiy inshootlar, turarjoylar barpo etilmoqda. San’at saroyi, suzish havzasi, markaziy stadion uzukka ko‘z qo‘ygandek shahar chiroyiga chiroy bag‘ishlamoqda.
Farg‘ona shahridagi tosh-shag‘aldan iborat dashtda boshlangan Ekoshahar – “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etildi. Loyihaning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, umumiy maydoni 300 gektar bo‘lgan yangi shaharda bugungi kunda 2 ming 800 xonadondan iborat 75 ta ko‘p qavatli uy qurib bitkazildi. Yil oxiriga qadar yana 1 ming 500 ta xonadonga ega 25 ta 12 qavatli uy-joy qurish rejalashtirilgan.
Bu yerda amalga oshirilgan qiyosi yo‘q ishlarning yana qay birini aytay!
Farg‘ona tumani Damko‘l qishlog‘ida 14,2 kilometr toza ichimlik suvi, 7,5 kilometr yuqori kuchlanishga ega bo‘lgan elektr tarmoqlari tortilgani, 11,2 kilometr yangi kanalizatsiya quvurlari ishga tushirilganini aytaymi? Istiqbolli loyihalar dasturiga ko‘ra, bu yerda yuzlab bolalar maydonchalari va o‘yingohlar, 10 ta bog‘cha va 6 ta maktab qurilajagi, 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasining ishga tushirilishi hisobiga 20 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishini aytaymi? Yoki ayni jarayonda 420 o‘rinli 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 990 o‘rinli 2 ta umumta’lim maktabi, 250 qatnov o‘ringa ega markaziy poliklinika qurilishi yakunlangani, 1,3 gektar maydonda O‘zbekiston Qahramoni, mashhur fermer Lolaxon Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi qurib bitkazilganini e’tirof etaymi? Ayni kunlarda bu yerda qishloq xo‘jaligi, IT, fermerlik va boshqa zamonaviy kasb-hunarlarni egallash niyatidagi o‘g‘il-qizlar tahsil olishni boshlagani ham e’tiborga molik.
Massivda 70 gektar yerda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham tashkil etildi. Aholining maroqli hordiq chiqarishi, madaniy-ma’rifiy kechalar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 4 ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi va unga uyg‘unlik kasb etgan sun’iy ko‘lda musiqali favvoralar o‘rnatildi. Ichki yo‘llarni boshqa hududlar bilan tutashtiruvchi va jamoat transporti qatnovi bilan bog‘liq qulay shohbekatlar barpo etilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Farg‘onada yashash bugun barchaning orzusi, farg‘onalik bo‘lish esa faxru iftixorga aylangan. Viloyatdagi xorijlik sayyohlarni qabul qilishga tayyor hashamatli mehmonxonalar, yoshlarning ta’lim olishi uchun davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, oliygohlarni ta’riflashga ko‘p vaqt kerak. Bozorlarimizdagi to‘kin-sochinlik, qadim tarixdan so‘zlovchi ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar, arxitektura yodgorliklari yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar e’tiborida. Bularning bari Istiqlol in’om etgan ne’matlardir.
Muqimiy bobo, siz bir g‘azalingizda:
Ishq savdosida ko‘zlarga shaharlar tangu tor,
Kelki, jono, sayr etaylik, bo‘ldikim, fasli bahor,
Vojgun tole’larimdin sanga bo‘lmay sharmsor,
Mulki Hindu Marvdin kelsam topardim e’tibor,
Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onaman,
deb yozgan edingiz. Bugun biz istiqlol farzandlari ko‘nglida esa “Shul erur baxtim mening, mardumi Farg‘onaman” degan so‘z baralla yangramoqda. Zero, bugun Farg‘ona, ona O‘zbekiston o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lida dadil odimlamoqda. Obod va ozod yurtga bayramlar yarashadi. Sizning g‘azallaringiz esa bugun qo‘shiq bo‘lib, yurtimizning istiqlolini qutlamoqda:
Ey yaxshilar, kelayluk, bir joyga yig‘ilaylik,
O‘ynaylik, kulaylik, omon bo‘laylik.
Ma’sudjon Sulaymonov,
O‘zA