Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shukronalik yangi manzillar, yuksak pillapoyalar sari undaydi
10:29 / 2023-12-11

Inson fe’l-atvori, bilimi, mehnati, ezgu ishlari bilan el orasida hurmat e’tibor topadi. Mazmunli, ibratli hayot kechirish esa o‘z qo‘limizda. Shoir aytganidek: “G‘oyibdan kelajak baxt, bu – afsona”. Qaysiki, inson biror sohaga chin ko‘ngildan mehr qo‘ysa, albatta, uning haqiqiy ustasi bo‘lib yetishadi. O‘zi xohlagan kasbni tanlasa, hayotda ko‘p narsaga erishadi. O‘ziga va yurtiga naf keltiradi.

Bu tashbehlar Shuhrat Sadinovga nisbatan aytilgandek go‘yo. Chunki bu insonning ilmi, tajribasi, fikr doirasi, muomalasi, mehnatkashligi aynan shunga mos keladi. Ushbu maqolani yozish barobarida  atrofdagilardan ham u kishi haqida ko‘p yaxshi, iliq gaplar eshitdim. 

 “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan hamkasbimiz quyidagi dil so‘zlarini izhor etdi. 

– Bolaligim Narpay tumanida o‘tgan. Otam oriyatli, hamisha dasturxoni ochiq, elning yaxshi-yomon kunlarida doim boshida turgan inson bo‘lgan. Hozir ham hamyurtlarim ko‘p eslaydi. Oilada besh o‘g‘il bo‘lganmiz. Otam rahmatli bizning tarbiyamizga juda qattiqqo‘l edi. Hayotda aslo urishmasdi, ammo biron xato qilsak, o‘tkir nigohlari bilan qarashi biz uchun eng katta jazo bo‘lgan. Umri davomida bizni faqat halollik, to‘g‘riso‘zlikka o‘rgatdi. Onamni Qo‘ysin momo, derdi. Ziyoli, oqko‘ngil, farishtali ayol edi. O‘qituvchi bo‘lgan. Butun umrini bizning, qishlog‘imiz bolalarining ilmli bo‘lishga bag‘ishladi. Jonkuyar, fidoyi pedagog sifatida hurmat-e’tibor qozongani shundan. Bilasizmi, so‘zim avvalida ota-onamni (joylari jannatda bo‘lsin, ilohim!) eslaganim, bugun biz, farzandlar nimaga erishgan bo‘lsak, barchasida ularning beqiyos xizmati bor. 

O‘rta maktabni tugatgach ma’lum muddat jamoa xo‘jaligida ishladim. Harbiy xizmatda bo‘ldim. Marksheyder bo‘lishga qaror qilib, Toshkent politexnika institutiga hujjat topshirdim. Mening bu orzuyim ko‘pchilikka erish tuyuldi. Orqa-sirtdan o‘qishga kirolmaydi, eplolmaydi deganlar ham bo‘ldi. Chunki, bu kasbni egallash matematika, fizika, texnika, astronomiya, geodeziya, geologiya, konchilik ishi va boshqa fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Buning uchun bo‘lajak marksheyderda shunga yarasha bilim, qiziqish bo‘lishi kerak. Menda bu bolaligimdan bor edi. Bu fanlardan a’lo o‘qiganman, adabiyotlar orqali tanishganman. Natijada qattiq kirishib barchasini uddaladim. O‘qishga kirdim, tamomladim. 

Bilasizmi, marksheyderlik kasbi juda noyob, ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan, qiziqarli soha hisoblanadi. Bu konchilik fani va texnikasining bir tarmog‘i hisoblanadi. Marksheyder foydali qazilmani qazib olishning har bir bosqichida (qidiruv, loyihalashtirish, shaxtalarni qurish, qazib olish, kon korxonalarini tugatish va b.) qatnashadi. Bunda mutaxassisdan kuchli bilim, tajriba talab etiladi. Chunki, yer qa’ridagi foydali qazilma uyumining shakli va o‘lchami, qazilmada foydali va zararli komponentlar joylashuvi, o‘zida saqlovchi jinslar xususiyati, lahimlarning fazoviy joylashishi, kon bosimi va yer yuzasi jinslarining deformatsiyasiga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, grafik loyihalarni chizish, chizmalarni chuqur tahlil qilish, konlar ko‘rinishini fazoviy geometrik o‘lchash usullari bilan xaritaga tushirish va boshqa shunga o‘xshash o‘nlab yo‘nalishlar uning asosiy vazifasidir. 

Inson hayotida hech yoddan chiqarib bo‘lmaydigan voqealar ko‘p bo‘ladi. O‘tgan faoliyatim davomida ko‘p korxona va tashkilotlarda marksheyder bo‘lib ishladim. Ko‘plab do‘stlar orttirdim, avvaliga o‘zim ustozlardan ish o‘rgandim, tajriba orttirdim. Keyinchalik esa tajribamni shogirdlarim, yosh mutaxassislar bilan o‘rtoqlashdim. 2006 yildan boshlab Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab kelyapman. Bu yerga kelib ham kam bo‘lmadim. Mehnatim ortidan hurmat-e’tibor topdim. Kamtarona mehnatlarim ortidan doim rag‘bat oldim. Korxonadagi ko‘p yillik mehnatim 2016 yilda “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, 2017 yilda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari, II, III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoniga munosib topildi.

Yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanganim hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘ldi. Kombinat tashkil topganligining 65 yilligi munosabati bilan berilgan bu mukofot nafaqat mening, balki hamkasblarim, oilam a’zolarim, mahalladoshlarimga ham katta quvonch bag‘ishladi. Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida mukofotni qabul qilib olar ekanman, uning taftidan qalbim g‘ururga to‘ldi. Bu butun jamoamizga berilgan e’tirof bo‘ldi. Mashaqqatli mehnat, albatta, o‘z samarasini berishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Yurtboshimiz nazariga tushish men uchun katta baxt, albatta. Bu mukofot menga kuch, g‘ayrat berdi. Endilikda men yanada shijoat bilan mehnat qilib, bu yuksak ishonchni oqlayman.

Kasbimni yaxshi ko‘raman. 34 yillik mehnat faoliyatim davrida ko‘plab ustozlar ilmini oldim va o‘z navbatida shogirdlar yetishtirdim. Har bir kasbning yengil tomoni bo‘lganidek, og‘ir tomonlari ham bo‘ladi. Shu bois har bir kishi har qanday holatga tayyor turishi kerak. Shogirdlarimga sabr, matonat, chidam va o‘z ustida ishlash barcha to‘siqlarni yengib o‘tishda muhim omil bo‘lishini ko‘p takrorlayman. 

Aslida insonning kasbi-kori ortidan baraka topishi uning samarali mehnati bilan birga atrofidagi hamkasblari, do‘stlariga ham bog‘liq ekan. Jamoamizda ilg‘or va malakali mutaxassislar, kamtar va samimiy insonlar juda ko‘p. Har tong ishga otlanar ekanman meni sevgan kasbim, jamoadoshlarim borligini yurakdan his etaman. Har bir daqiqadan unumli foydalanishga, oldimga qo‘yilgan katta-katta maqsadlarimni ado etishga intilaman. Bu intilish menga doimo muvaffaqiyat eshiklarini ochaveradi. Ishdan so‘ng esa oilam davrasiga oshiqaman. Shu kasbim ortidan uch nafar farzandimni o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Shirindan - shakar to‘rt nabiram bor. Axir insonga boshqa nima kerak? Bir inson orzu qiladigan baxtning barchasiga egaman: sermazmun hayot, namunali oilam, sevgan kasbim, sevimli jamoam. Bularning barchasiga shukronalar aytaman. Bu shukronalik meni yangi manzillar, yuksak pillapoyalar sari undaydi. 

 

Dildora KARIMOVA,

“NKMK” AJ Matbuot xizmati muxbiri.