Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shukronalik bilan yashayotgan yurtning kelajagi nurli bo‘ladi
09:09 / 2025-09-01

Eng ulug‘i va azizi istiqlol nafaqat el-yurt boshiga, balki, dinimiz  amallari va e’tiqodimiz durdonalariga ham manfaatli, barakali bo‘ldi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ezgu g‘oyasi asosida Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi nishonlanayotgan ayni shu damlarda hurlikka hamohang ravishda tinchlik-totuvlik, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik bizga ato qilingan katta tuhfadir.

Mustaqillikni orzu qilib, katta bir avlod, ne ne ulug‘ allomalar, millatimiz iftixori, vatanparvar insonlar armonda o‘tdilar, desak aslo mubolag‘a emas. Ozodlik uchun kurashgan ota-bobolarimiz, millatning ongu tafakkurini uyg‘otish yo‘lida shahid ketgan jadid ulamolarimiz, mardonavor zahmatkash xalqimiz mustaqillik yo‘lida hech qachon chekinmadi.

E’tirof etish joizki, mustaqillikning o‘tgan yillari davomida jonajon O‘zbekistonimizda fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy sohani tubdan isloh qilish borasida ulkan ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Yangi masjidlar qurildi, borlari ko‘rkam ta’mirlandi. Haj va Umra ziyoratlariga katta yo‘l ochildi. Ulug‘ bobolarimiz xoki poylari yotgan qutlug‘ qadamjolar obod bo‘ldi.

Jumladan, Namangan viloyatida 190 dan ziyod jome  masjidlar emin-erkin faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, ota bobolarimizning juda ko‘pchiligi orzu qilib yetisha olmagan Haj va Umra safarlariga shu yilning o‘zida haj amalini bajarish uchun viloyatimizdan ikki mingga yaqin hamyurtlarimiz borib, ibodatlarni to‘la to‘kis ado qilib, hukumatimiz rahnamoligida diyorimizga qaytdilar. 

Mustaqillik kuni arafasida davlatimiz rahbarining farmoni bilan muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari “Oliy darajali imom Buxoriy” ordeni bilan, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla Abdullayev, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaxsud Alimov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqaxxor Yunusov, Toshkent shahar Yunusobod tumani “Minor” masjidi imom-xatibi Rahmatula Sayfudinov “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani ham din sohasiga ko‘rsatilayotgan ehtirom ifodasi bo‘ldi.

El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo‘ladi. Bularni o‘zida mujassam etuvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog‘liqdir. Duoga qo‘l ochilsa, Allohdan xonadonlarimizni tinch, yurtimizni obod qilgin deb yuziga fotiha tortadi. Har bir yaxshilik, ezgulik ustida tinchlik bo‘lsin deya, kelajak uchun yaxshi niyatlar qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo‘layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo‘’tabar ne’mat yo‘q.

Islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto o‘zga din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barham berishga chaqirgan. Ko‘p millatli yurtimizda mana shunday o‘zaro hurmat, totuvlik va yakdillik davom etar ekan, Vatanimiz yanada farovon, yanada rivoj topadi.

Dorilamon kunlarni g‘animat bilib, buning shukronasini ado qilib, har birimiz yurtimizning yanada ravnaq topishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Zero, Alloh taolo o‘zining muqaddas kitobida “Agar ne’matlarimga shukr qilsalaringiz men ne’matimni ziyoda qilib beraman”, degan. 

Yaratgan mustaqilligimizni abadiy, bizlarni ne’matlarga shukrona keltiruvchilardan bo‘lishimizni nasib etsin.

Musoxon Abbosiddinov,

Namangan viloyati bosh imom-xatibi. 

O‘zA.