Andijonda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar tomonidan tayyorlangan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarka ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, o‘z salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan savdo ko‘rgazmasi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri ekanligi ta’kidlandi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Andijon viloyati hokimligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan savdo yarmarkasida viloyatdagi hunarmandlik, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, “Saxovat” uyida yashayotgan, “Muruvvat” uylarida tarbiyalanayotgan nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘zlari tayyorlagan, ishlab chiqargan mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi.
Savdo ko‘rgazmasida nogiron bo‘lsada, bolalar va ayollar liboslarini, ko‘rpa-to‘shak tikish, suviner gullar, milliy qo‘g‘irchoqlar yasash, qo‘yingki, hunarmandchilikning juda ko‘p yo‘nalishlarida ish olib borayotgan insonlar tomonidan tayyorlangan rang-barang mahsulotlar ochig‘i, barcha tadbir qatnashchilarini to‘lqinlantirib yubordi.
– Ko‘rgazmada qatnashayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning mehnati, zehni, iqtidori, intilishlarini oddiy so‘zlar bilan ta’riflash juda qiyin, – deydi Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dildora Tojiboyeva. – Ularning mehnati, sabr-bardoshini ko‘rib qoyil qolmaslik mumkin emas. Ana shu insonlarga ozgina bo‘lsa-da ko‘mak berish maqsadida o‘zim, oilam uchun sovg‘alar xarid qildim. Bu insonlardan to‘rt muchchasi sog‘ kishilar shukr va sabrni, mehr-muruvvatli bo‘lishni o‘rganishlari lozim.
Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning qay biri bilan suhbatlashmang, o‘ziga, ertasiga ishonch borligini, ulkan maqsadlar bilan yashayotganligini ko‘rasiz, ularga tasanno aytasiz, hayot bir mo‘’jiza ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz, shukronalar keltirasiz.
Paxtaobod tumani Taqachi mahallasida yashovchi Sofiya Xolmirzayeva ham nogiron bo‘lishiga qaramay, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan. Bir necha yil avval u to‘quvchilikni, gul yasash hunarini o‘rganishga kirishdi. Ustozi ko‘magida kasbning o‘ziga xos va nozik jihatlarini qunt bilan o‘rgandi, unga onasi, oila a’zolari yaqindan yordam berdi. Internet orqali to‘quvchilikka, qo‘lda gul, turli ko‘rinishdagi suvinerbob mahsulotlar tayyorlashga oid yangiliklarni o‘rganib bordi. Yillar o‘tib, mohir to‘quvchi bo‘lib tanildi. O‘sha paytda unga tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi mutasaddilari yaqindan yordam berdi. Kredit olib, o‘z xonadonida sun’iy gul va suvinerlar yasash yo‘nalishida o‘z tadbirkorligini boshladi.
[gallery-13022]
Bugun u o‘zi tayyorlagan buyumlar, rang-barang gullar bilan tuman, viloyat miqyosidagi turli tanlovlarda ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan o‘rin olib kelmoqda. Uning mahsulotlarini sotib oluvchi xaridorlar ham ko‘paydi. Eng asosiysi, u ana shu ishi ortidan daromad topmoqda.
– Qay bir tanlov yoki ko‘rgazmada qatnashmay yakunda mahsulotlarim bir dona ham qolmay sotilib ketadi, – deydi Sofiya Xolmirzayeva. – Bu menga yanada ilhom, kuch va shijoat beradi. Xalqimizning qo‘l mehnatidan qanchalik bahra olayotganini ko‘rib, yanada ko‘proq ijod qilib, chiroyli gullar to‘qigim kelaveradi.
Yarmarka davomida deyarli barcha mahsulotlar yarmarkaga tashrif buyurgan kishilar tomonidan sotib olindi. Mutasaddi va tashkilotchilar tomonidan bu kabi savdo yarmarkalarini tez-tez tashkil etishga kelishib olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA