Andijon shahridagi “Yoshlar markazi”da Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ta’lim, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa sohalarda muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ilgari surgan taklif va tashabbuslar, bildirgan fikr va mulohazalari, ulardan kelib chiqadigan muhim vazifalar xususida to‘xtaldi. 2023 yil O‘zbekistonda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinganligi zamirida yurtimizda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, mamlakatimiz taraqqiyotida ilm-fan, ta’lim va tarbiya muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
bugungi kunda 3,3 million nafarga yaqin Andijon viloyati aholisining 1,7 millioni yoki 53 foizini yoshlar tashkil etadi. Viloyatda joriy yil davomida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
– Joriy yilda davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida yoshlar bilan mahallabay ishlash tizimini joriy etish maqsadida viloyatdagi 890 ta mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi, – dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Ushbu lavozimga 5 ming 105 nafar nomzod orasidan eng munosib, deb tanlab olingan yetakchilar ayni kunda yoshlar bilan bevosita ish olib bormoqda. Ushbu lavozimga tayinlanganlar orasidan namunali ish olib borgan 8 nafar yoshlar yetakchisi boshqa yuqori lavozimlarga tayinlandi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 11 oyi davomida 18 ming 325 nafar yosh ishga joylashtirildi. Dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 18 ming 569 nafar yoshga 1 ming 925 gektar yer maydoni ajratib berildi. Yoshlar ushbu yer maydonlaridan unumli foydalanib, yaxshigina daromad oldi.
[gallery-10089]
Bundan tashqari, tadbirkorlik qilish istagidagi 14 ming 363 nafar yoshga 320 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida viloyatdagi 890 ta mahalladagi yoshlar qayta xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, 14-30 yoshdagi 810 ming 725 nafar yosh ro‘yxatga olindi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari hamda bandligi ta’minlanmagan 31 ming 5 nafar o‘g‘il-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritish uchun tavsiya etildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda mamlakatimizda 5 bosqichli, ya’ni mahalla – sektor – tuman – viloyat - respublika miqyosidagi 15 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining o‘tkazilganligi mahallalarda yoshlarning ma’naviyati, salohiyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining respublika bosqichida viloyat yoshlari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Andijonlik yoshlar ushbu musobaqalarda 14 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronza, jami 28 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu yoshlarga bildirilgan ishonch va berilayotgan imkoniyatlarning samarasidir.
Uchrashuvda viloyat hokimi 2023 yilda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda davom ettirilishini alohida ta’kidladi. Jumladan, 2023 yilda Bo‘ston tumanida zamonaviy “Yoshlar markazi” barpo etilishi, dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 15 ming nafar yoshga yer maydonlari ajratilishi, xorijiy tillar va IT sohasini o‘rganishga qiziqadigan 5 ming nafar yosh “Kelajak kasblari” loyihasiga o‘qitiladi. Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball qayd etgan 500 nafar yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari qoplab beriladi.
Uchrashuvda qatnashgan yoshlar Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish, yuksak natijalarga erishish hamda o‘zlarining faolligi va ilg‘or tashabbuslari bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga va’da berdi. Yakunda turli yo‘nalishlarda samarali natija va muvaffaqiyatlarga erishayotgan bir guruh yoshlarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat) O‘zA