Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shuhratbek Abdurahmonov: “Kelgusi yili Andijonda 3,2 million tonna meva-sabzavot yetishtiriladi”
18:26 / 2021-12-20

Andijonda Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttizinchi sessiyasida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat aholisiga murojaat yo‘lladi.

Andijon viloyatidan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, shahar va tuman Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan sessiyada yo‘llangan murojaatda viloyatda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2022 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatda iqtisodiy jihatdan o‘sishga erishilganligi qayd etildi. Jumladan, yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 102 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 16 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3,4 foizga, qurilish ishlari hajmi 4 foizga, jami xizmatlarning o‘sish sur’ati 122 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda. 

Aholi jon boshiga daromadlar hajmi 11,8 million so‘mni tashkil etdi. Yil boshida 150 ming nafar ishsiz aholining bandligini ta’minlash belgilangan bo‘lsa, joriy yilning 1 dekabr holatiga 200,5 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Yil yakuniga qadar yana 9 mingdan ziyod ishsiz aholi bandligi ta’minlanishi qayd etildi.

Joriy yilda ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ko‘mak miqdori o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘paydi. Jumladan, aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash maqsadida qariyb 142 ming nafar kam ta’minlangan oilalarga mahalliy byudjetdan 480 milliard so‘m ijtimoiy nafaqalar to‘lab berildi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining alohida qarorlari bilan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj viloyatdagi 10 ming 641 ta oilaning 22 ming 506 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ moddiy ko‘mak sifatida ajratildi.

Yil boshida «Temir daftar»dagi 8 ming 787 ta oila va mazkur oilalarning 30 mingga yaqin a’zosi daromadini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu borada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 5 ming 724 nafar ishsiz oila a’zolarining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, «Temir daftar» dagi 195 ta oilaga tijorat banklari tomonidan 3 milliard 156 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. «Ayollar daftari»ning 1-2-bosqichlarida 75 mingdan ortiq xotin-qizlarga yordam ko‘rsatilib, ular daftardan chiqarildi. 

[gallery-5155]

Xususan, daftarga kiritilgan 24,8 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 19 ming nafardan ziyod tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga 236 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 335 nafar ayol imtiyoz asosida uy-joy bilan ta’minlandi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan 44 ming 627 nafar yoshlardan bugungi kunga qadar 42 ming 698 nafariga yordam ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi. Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borildi. Bu borada, viloyatdagi 210 ta rivojlanishda orqada qolayotgan hamda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan og‘ir mahallalarda aholi daromadini oshirish bo‘yicha 4 ta yo‘nalishda ishlar tashkil etildi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik qilish istagidagi 11,5 ming xonadon vakillariga 131 milliard so‘mlik mahsulotlar yetkazib berildi. 

Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 7,6 trillion so‘mlik, 680 ta loyihalar ishga tushirilib, 39 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Loyihalarni joylashtirishda, birinchi navbatda, ishsizlik yuqori bo‘lgan chekka hududlarga alohida ahamiyat qaratildi. Masalan, Izboskan tumanidagi «Sohib omad barakasi» MCHJ tomonidan 2,4 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, yiliga 10 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 1 ming 200 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Joriy yilda 249 AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan 11 oy davomida 241 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Yil yakuni bilan esa jami 252 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda xorijiy kredit mablag‘lari o‘zlashtiriladi.

Joriy yilda viloyatda 588 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni eksport qilish belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 597 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Eksport faoliyatiga qo‘shimcha 271 ta yangi korxonalar jalb etilib, tashqi savdoga yo‘naltiriladigan mahsulotlar turi 28 tadan 34 taga ortdi.

Viloyatdagi mavjud 22 ta kichik sanoat zonalariga umumiy qiymati 909 milliard so‘m bo‘lgan 394 ta loyiha joylashtirilgan. Yanvar-noyabr oylarida ulardan 260 ta loyiha ishga tushirilib, 5,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi», degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyatda maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. 

bugungi kunda viloyatda 2 ming 762 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Ularning 543 tasi davlat, 2 ming 219 tasi nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 44 ming nafar bola maktabgacha tashkilotlariga jalb etilib, qamrov ko‘rsatkichi 61,3 foizdan 75,1 foizga yetkazildi.

Turizm yo‘nalishida, viloyatimizda 422 ta madaniy meros ob’ektlari mavjud bo‘lib, shundan, 91 tasi ziyorat ob’ektlari hisoblanadi. 2021 yilda 2 ta yangi mehmonxonalar, 3 ta xostellar qurib foydalanishga topshirildi. 26 ta mehmon uylari va 5 ta turoperatorlik firmalariga litsenziyalar berildi.Viloyat bo‘yicha turizm marshrutlari 9 tadan 15 taga ko‘paydi. Murojaatda kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ham keng ma’lumotlar keltirildi. 

2022 yilda viloyatimizning «o‘sish nuqtalari»dan kelib chiqqan holda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar doirasida qiymati 10,8 trillion so‘mlik 492 ta loyiha amalga oshirilib, 44 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilab olindi. 2022 yilda barcha loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga yiliga 3,5 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi, 681 million dollar miqdorida eksport qilish imkoniyati, 568 milliard so‘mlik byudjetga sof tushumlar zaxirasi va 20 xil turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi, 75 million dollar miqdordagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

2022 yilda viloyatda jami 3,2 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 6 ta tumanning adirlik qismida 511 gektar maydonda issiqxonalar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, 2022-2023 yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasi doirasida Andijon tumanida 45,5 million dollar miqdorida xorijiy kredit mablag‘lari hisobiga 23 gektar maydonda yirik logistika markazi barpo etiladi.

Sessiyada ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA