Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Tarix, madaniyat, adabiyot va tasviriy san’at nominatsiyasi bo‘yicha 2023 yilgi mukofoti sohibi bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida ushbu mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov tantanali ravishda topshirdi.
Qayd etish joizki, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 2023 yilgi mukofoti mazkur tashkilotga a’zo 10 ta davlat vakillari orasidan 9 nafar olimga nasib etdi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining yillik mukofoti o‘zining ilmiy va ijtimoiy sa’y-harakatlari bilan mintaqa rivojiga alohida hissa qo‘shayotgan olimlar, davlat va jamoat arboblariga topshiriladi.
Aytish kerakki, Shuhrat Sirojiddinovning 300 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari e’lon qilingan. Bir necha tillarni mukammal egallagan navoiyshunos olim 15 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 13 ta monografiya, 230 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. Shuhrat Sirojiddinov Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot bilan taqdirlangan.
Shuhrat Sirojiddinovning qator monografiyalari Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Ustoz ko‘plab fan doktori va filologiya bo‘yicha falsafa doktorlariga ilmiy rahbarlik qilgan.
Zahmatkash olimning “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” fundamental monografiyasida Alisher Navoiyning turkiy xalqlar madaniyatiga qo‘shgan hissasi batafsil ochib berilgan.
Shuhrat Sirojiddinov O‘zbekiston va turkiy tilli davlatlar o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va gumanitar sohalar, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi, shuningdek, madaniy aloqalarni rivojlantirishda faollik ko‘rsatmoqda.
Olimning sa’y-harakatlari bilan AQSH, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Afg‘oniston universitetlarida o‘zbek tilini o‘qitish ishlari olib borildi. Shu bilan birga, uning boshchiligida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qisqa vaqt ichida bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi.
Jumladan, mazkur universitet dunyoning 50 dan ortiq ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi, 3 ta xalqaro assotsiatsiya a’zosiga aylandi. Xitoy, Ozarbayjon, Turkiya Respublikalarida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazlari ochildi.
N.Usmonova, O‘zA