Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shuhrat Sirojiddinov: “Alisher Navoiy hayot yo‘li”
11:58 / 2025-04-21

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Atoqli adabiyotshunos, akademik Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayot yo‘li” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Olimning ushbu kitobi ulug‘ o‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiyning mashaqqatli hayoti va serqirra faoliyatiga bag‘ishlanadi.

“...Xayolimga shu kungacha  Navoiy hayoti bilan bog‘liq barcha olib borilgan tadqiqotlarda keltirilgan tafsilotlarni ilk manbalarda keltirilgan faktlar bilan qiyosan o‘rganib chiqish fikri keldi. Ustozim bilan maslahatlashdim. U kishining ma’qullashidan so‘ng vaqtincha bo‘lsa-da, dissertatsiyamni chetroq surib, Navoiy biografiyasini qayta ko‘rib chiqishga kirishdim. Qisqa davr ichida Navoiy hayotining mashhur tadqiqotchilari – M.Nikitskiy, V.Bartold, Ye.Bertels, A.Semyonov, M.Sale, O.Sharafiddinov, S.Ayniy, A.Sa’diy, V.Abdullayev, A.Kononov, A.Borovkov, A.Yakubovskiy, A.Boldirev, Maqsud Shayxzoda, M.Oybek, shuningdek, 1926 yild Bokuda o‘tkazilgan “Ilk turkologiya qurultoyi” materiallari va o‘sha davrlarda o‘zbek jadidlari tomonidan vaqtli matbuotda e’lon qilingan maqolalarni diqqat bilan o‘qib chiqib, ular asosida Navoiy tarjimasi holi chizgilarini shakllantirdim. Chet ellarda G.Vamberi va M.Belindan tortib, Navoiyga bag‘ishlangan barcha olimlarning tadqiqotlari bilan tanishib chiqdim. Shuning davomida keyingi 50 yillik davr o‘zbek navoiyshunoslarining asarlarida uchraydigan biografik ma’lumotlarni ham tizimlashtirdim. Ana shundan so‘ng sovet navoiyshunoslari ishlab chiqqan “tarjimai hol”ni Navoiy davrida yaratilgan manbalardagi ma’lumotlar bilan birma-bir solishtirib chiqishga kirishdim. Ish jarayonida ko‘p ma’lumotlar kontekstdan uzib olinib, noto‘g‘ri talqin qilingani, ayrim muhim jihatlarga e’tibor qaratilmagani (balki qasddandir!), ayrim o‘rinlarda sanalar chalkashtirilib yuborilganligini aniqladim. Ko‘z oldimda navoiyshunoslikning “paxsa devori” asta-sekin qulay boshladi. Navoiyning hayotini batafsil o‘rgangan, ammo shoir tarjimai holini ma’lum maqsad bilan o‘z bilganicha o‘zgartirgan olim sovet sharqshunosi, akademik V.Bartold bo‘lib chiqdi. Keyingi davr navoiyshunoslarining barchasi uning asarlarida belgilangan qolipdan chiqmagan ekan. V.Bartold asari sovet mafkurasi buyurtmasi bilan yaratilgan bo‘lib, unga qarshi chiqish Navoiydan ajrab qolishga olib kelardi. O‘zbek navoiyshunoslarining katta avlodi ana shu murosasozlik orqali Alisher Navoiyni saqlab qolganliklari uchun minnatdor bo‘lishimiz kerakligini yaxshi tushunardim. Biroq ayni damda Navoiy haqidagi haqiqatlarni xalqqa ma’lum qilsh vaqti kelganini ham sezardim...”, deb yozadi muallif.

Akademik Shuhrat Sirjiddinovning Hazrat Alisher Navoiy hayot yo‘liga bag‘ishlangan kitobini, albatta, o‘qing. Shuhrat Sirojiddinov talqini sovet mafkurasi iskanjasi ostida yaratilgan “versiya”dan keskin farq qilishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

O‘zA