Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shuhrat Gʻaniyev: “Qoʻqon” EIZda tibbiy jihozlar ishlab chiqaradigan yirik korxona ishga tushadi
12:55 / 2020-08-07

Fargʻona viloyatiga COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan 500 dona kislorod konsentratori hamda 5 mingta puls oksimetrlari olib kelindi.


Fargʻona viloyatiga COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan 500 dona kislorod konsentratori hamda 5 mingta puls oksimetrlari olib kelindi.

Koronavirus pandemiyasi inson uchun eng muhim narsa salomatlik ekanini koʻrsatib qoʻydi. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlganidek, viloyatda virusning tarqalishini oldini olish, uni jilovlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Mazkur kasallikka chalingan bemorlar belgilangan standartlar asosida davolanmoqda. Shuningdek, ayni kunlarda pandemiyaning navbatdagi ehtimoliy toʻlqiniga tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.

Hozirga qadar 12 mingdan ortiq zaxira oʻrinlari hozirlab qoʻyildi. Tibbiyot maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti. Uch oylik dori-darmon zaxirasi uchun 10 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Viloyat hokimligi tomonidan qariyb uch milliard soʻm mablagʻ evaziga Xitoydan kislorod konsentratorlari va puls oksimetrlarining olib kelinganligi ham ana shu ishlarning uzviy davomidir. Mazkur tibbiy jihozlar zaxira joy uchun tayyorlab qoʻyilgan maskanlarga topshirildi.

Viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasidagi taqsimlash markazida bu jihozlarning oʻrnatish jarayoni bilan tanishdi.

– Prezidentimiz aholimizni, xususan, nuroniylar va yoshlarni koronavirus pandemiyasidan asrashga, ularning salomatligini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratmoqda, – dedi viloyat rahbari. – Buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Viloyatda tayyorlangan zaxira oʻrinlariga bu kislorod konsentratorlari va puls oksimetrlarining birinchi qismi yetkazilmoqda. Shuningdek, bu kabi zarur jihozlar bilan barcha tibbiyot maskanlarini taʼminlash tadbirlarini koʻrganmiz. Bundan tashqari, yaqin kunlarda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida xuddi shunday tibbiy jihozlarni ishlab chiqaradigan yirik korxona ishga tushiriladi. Viloyatdagi barcha shifokorlar va tibbiyot xodimlari bepul puls oksimetrlari va boshqa kerakli tibbiy jihozlar bilan taʼminlanadi.

Bugungi kunda ichki bozorda tibbiy buyumlar va texnikalarga boʻlgan talab keskin oshgan boʻlib, narxi ham qimmatlashdi. Viloyatga olib kelingan mazkur jihozlar esa nisbatan ancha arzon. Bir dona kislorod konsentrator narxi barcha harajatlari bilan 4 million 200 soʻm, bir dona puls oksimetri esa 150 ming soʻmga tushdi.

– Xitoydagi ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilib, tibbiy jihozlarning sifati va narxiga alohida eʼtibor berildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyorjon Gʻaniyev. – Pandemiyaning ehtimoliy ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari doirasida ana shunday tibbiy jihozlar bilan taʼminlash juda muhim. Chunki hozirda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ham koʻpaymoqda. Bunday vaziyatda har bir tibbiyot xodimida qon tarkibidagi kislorod va yurak-qon bosimini oʻlchovchi puls oksimetri boʻlishi kerak. Viloyatda buning uchun barcha tadbirlar koʻrilmoqda.

photo_2020-08-07_13-36-39.jpg

photo_2020-08-07_13-36-42.jpg

photo_2020-08-07_13-36-43 (2).jpg

photo_2020-08-07_13-36-43.jpg