Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shu yilda 1 millionga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlanadi
15:37 / 2026-02-18

Prezidentimizning 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2026-yilga oid asosiy vazifalar va maqsadlar belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yilda 1 million nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash va 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasini 2,8 foizga, ishsizlik darajasini esa 4,5 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Farmon mahallalarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini faollashtirish orqali 10 mingdan ziyod loyihani ishga tushirish va qo‘shimcha 100 ming yangi ish o‘rni yaratish vazifasini belgilaydi. Bu, o‘z navbatida, mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, farmonda kambag‘allikni qisqartirish uchun 1,1 million nafar aholini maxsus xizmatlar bilan qamrab olish, shuningdek, vaucher tizimi orqali 120 ming nafar fuqaroni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish vazifasi belgilandi. Bu tadbirlar ishchi kuchi salohiyatini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va aholini iqtisodiy faollikka jalb qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish jarayonlarida xususiy sektorning ulushini 40 foizga oshirish orqali davlat va xususiy sektor hamkorligi mustahkamlanadi. Bu mexanizm sohada innovatsion yondashuvlarni joriy qilish va ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mahallalarni rivojlantirish uchun va kambag‘allikni qisqartirish choralari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi. Shuningdek, mahallalarni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish va aholi daromadlarini oshirish uchun hududiy yo‘l xaritalari ishlab chiqiladi.

Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati zimmasiga yuklatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, farmon ijrosi mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish va mahallalarni barqaror iqtisodiy hududga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ijtimoiy adolat va iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA