Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shu Vatanga bordir mening keragim yoxud konsultantlikdan Oliy sud raisi bo‘lgan ayol
16:33 / 2024-11-05

Mamlakatimiz Oliy sudi tarixida ko‘plab rahbarlar o‘tgan. Ularning har biri haqida, sud sohasiga qo‘shgan hissasi – faoliyati xususida ko‘p va xo‘b yozish mumkin, zero har birining faqat o‘zigagina xos boshqaruv uslubi, rahbarlik xususiyati, o‘ziga xos insoniy fazilati bor.

Mustaqil davlatimiz sudi tarixida Oliy sud raisi bo‘lgan ilk ayol – Farruxa Muhitdinovadir.

U kishining hayot yo‘liga nazar tashlansa, o‘zi nozikkina bo‘lishiga qaramay nihoyatda ulkan va salmoqli ishlarni amalga oshirgan, el-yurt uchun fidoyi bir shaxsni ilg‘aysiz. Oliy sudda oddiy konsultantlikdan sudyalik lavozimigacha bosib o‘tilgan yo‘l, undan so‘ng respublika miqyosida siyosiy arbob, Oliy sud raisi bo‘lishdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olish, ikki muddat Oliy Majlis deputati, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, Parlament raisi o‘rinbosari, senator, Senat raisining o‘rinbosari kabi yuqori lavozimli vazifalarda xizmat qilish – bu hazilakam gapmas, bunday saodat hammaga ham emas...

Farruxa Muhitdinova Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilib o‘sdi. U rus tiliga ixtisoslashgan 83-sonli o‘rta maktabda a’lo baholarga o‘qib, maktabni oltin medal bilan tamomladi.

Ushbu imtiyozli oltin medalning zalvorli yukini, mas’uliyatini, u faoliyati davomida yuz karra, balki ming karra oqladi. O‘zbekiston milliy universitetining yuridik fakultetiga faqatgina tarix fanidan imtihon topshirib, a’lo baho bilan talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.

Farruxa Faxriddinovna universitetni imtiyozli diplom bilan bitirgach, Oliy sudga fuqarolik ishlari bo‘yicha katta konsultant vazifasiga ishga qabul qilindi, negaki, o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi bo‘lib ishlayotgan Halima Muhiddinova endigina talabalik partasidan kelgan Farruxani shaxsan o‘zi suhbatdan o‘tkazgan edi. Undagi fikrlash, bilim va ziyraklik Oliy sud raisining sinchkov nazariga sabab bo‘lgan bo‘lsa ne ajab.

Katta konsultant Farruxa Muhiddinova avval umumlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, oradan ikki yil o‘tib bo‘lim boshlig‘i vazifasiga tayinlandi. 1984 yil farmon bilan Oliy sud sudyasi lavozimiga saylandi.

Mustaqillik butun mamlakat hayotiga siyosiy-huquqiy islohotlar, iqtisodiy evrilishlar bilan kirib keldi. Oliy Majlis deputatlari oldida qonunchilikni milliylashtirish, istiqlol g‘oyalari ruhiga moslashtirish, huquqiy demokratik davlat barpo etish uchun tubdan yangilash vazifasi qo‘yildi. Xuddi shu paytlar Farruxa Faxriddinovna faoliyatida ham siyosiy hayot boshlandi. U Oliy Majlisga deputat bo‘lib saylandi: Qonunchilik va sud huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Qo‘mita raisi vazifalarida faoliyat yuritdi. Ikki muddat Oliy Majlis deputati etib saylangan bo‘lsa, ushbu davr davomida Oliy Majlis raisining o‘rinbosari lavozimida xizmat qildi. 2003 yil, birinchi Prezident Islom Karimovning yuksak ishonchi bilan Farruxa Faxriddinovna nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga taqdim etildi.

– Raislik davrimda Oliy sud xodimlarining ish yuritish, mansab yo‘riqnomasi ishlab chiqilgan va Rayosatda bu masala muhokama qilinib tasdiqlangan. Oliy sudda apparat yaxshi ishlasa, ish bir maromda ketadi. Shikoyatlar bo‘limi, qabulxona, arxiv, devonxona va hokazo. Har bir xodim o‘z vazifasini aniq bilishi uchun uning majburiyati, muayyan burchi huquqiy me’yorlar bilan belgilab qo‘yilishi zarur edi. Oliy sudga ayrim fuqarolar quyi sudlar – sudyalar harakati yoki harakatsizligidan norozi bo‘lib kelar, ularga to‘g‘ri tushuntirishlar berish orqali muammolarini yechish, masalaning yuqori instansiyada ko‘rib chiqilishini nazoratda tutish, yo‘l qo‘yilgan har bir xato-kamchilikni takrorlamaslik nuqtai nazaridan e’tiborda saqlash lozim edi. Buning hammasi o‘sha yo‘riqnomalarning tizimli ishlashini taqozo etardi.

O‘sha davrda jinoyat qonunchiligida o‘lim jazosi mavjud edi. Mahkum shikoyat yozsa-yozmasa, ishni Afv etish komissiyasiga yuborar edik. Mas’uliyat nihoyatda katta edi. Bu kabi ishlar sinchkovlik bilan qarab chiqilar – puxta o‘rganilar edi. Fuqarolarning qabuliga katta e’tibor qaratardim. Quyi sud raislaridan ham shuni talab qilar edim. Qabulga kelgan fuqarolarning ishi nima bo‘ldi – masala qanday yechim topdi? Barchasi nazoratimda bo‘lardi. Shikoyat asoslimi, asossizmi? Har tomonlama o‘rganilar edi. Har haftada bir marta shaxsiy qabulim bo‘lardi. Birinchi qabulimda 70 nafar odam yozilgan, tungacha qabul qilganman. Yangi raisdan umid qilib ko‘pchilik eski masalasi bilan kelishgan. Rad javobi olgan bo‘lsa ham kelgan. Keyinchalik, asta-sekin joyiga tushib, bir qabulga 5-8 nafar odam yoziladigan bo‘lgan.

Oliy sudning yana bir muhim yo‘nalishi sud amaliyotini shakllantirish edi. Ayrim toifadagi ishlar bo‘yicha qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, amaldagi huquqiy me’yorlarni tatbiq etish va tushuntirish maqsadida Plenum qarorlari qabul qilganmiz. Oliy sud Plenumining qarorlari hozirgacha dolzarbligini yo‘qotgan emas – deydi Farruxa Muhitdinova.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha Oliy malaka komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, Farruxa Muhiddinova mazkur komissiya raisi sifatida sakkiz yil mobaynida samarali ish olib borganligi ham e’tirofga sazovor.

2005 yil mamlakatimiz qonunchilik hokimiyatida ikki palatali Parlament joriy etildi. Oliy Majlisning quyi palatasi – Qonunchilik palatasi, yuqori palatasi – Senatdan iborat bo‘ldi. Senatorlar guruhi shakllantirildi. Birinchi Prezident tavsiyasi bilan senator maqomiga ega bo‘lgan Farruxa Muhiddinova Senatning ichki yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan Senat raisi o‘rinbosari etib saylandi. 

– Qonun loyihalari quyi palatada ishlanib, Senatga chiqarilardi, ayrim qonunlar sayoz bo‘lgani uchun qaytarilgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, o‘sha davrda 4 ta qonun qaytarilganligini eslayman. Mahalliy kengashlar bilan ish olib borar edik. Qonun qanday ishlayapti, qanday o‘zgartirishlar kiritilishi kerak? Hammasi o‘rganilib, umumlashtirilar edi, – deydi u.

Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining falsafa va huquq institutida faoliyat olib bordi. Oliy sudda, deputatlikda ishlagan vaqtida o‘zini ilmiy ishga ham bag‘ishladi. Ustozi akademik Hojiakbar Rahmonqulov rahbarligida avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqladi. 2019 yili uni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga ishga taklif qilishdi. U yerda ishlab, talabalarga nazariya va amaliyotdan dars berdi.

F.Muhitdinova ayni paytda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi – Sudyalar oliy maktabida fuqarolik huquqi kafedrasida ishlamoqda.

– Yaqinda Ispaniya davlatiga borib keldik, – deydi Farruxa Faxriddinovna, – ularda ham sudyalar oliy maktabi bor ekan, tashkil etilganiga 25 yil bo‘libdi. Alohida binosi bor, o‘rganadigan jihatlariga ega. Bizda ham maktab faoliyati rivojlanmoqda. Xitoy faylasufi Konfutsiy aytadi: «Agar ishlashni xohlamasang yaxshi ko‘rgan ishing bilan shug‘ullan».

Farruxa opaning shogirdlari «ustoz» deya murojaat qilishadi. Uning shogirdlari yuzlab desak adashmagan bo‘lamiz. Ular jamiyatning turli jabhalarida mehnat qilishmoqda.

– Tan olib aytish kerak, hozirgi sud sohasida faoliyat olib borayotganlarga havas qilsa arziydi, – deydi ustoz. Juda salmoqli va samarali islohotlar amalga oshirildi: sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash tadbirlari, sudlarning birlashtirilishi, ma’muriy sudlarning tashkil topishi, raqamlashtirish ishlari, moddiy texnika bilan to‘liq ta’min etilish kabi yaratilayotgan sharoitlarni nazarda tutmoqdaman. 

Farruxa Muhiddinova nafaqada bo‘lsalar-da, hamon harakatda, jamiyat uchun foydali mehnat qilish shijoati zarracha susaymagan. O‘z ishiga mas’uliyat hissi u kishini mudom tark etmagan.

Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan faoliyatini, butun umrini sud-huquq sohasiga bag‘ishlagan oliy malaka darajali faxriy sudya, nufuzli siyosiy arbob, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi Farruxa Muhitdinovaga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va xizmat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Z. QO‘ZIBOEV, jurnalist