Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo-kuchlari qo‘mondonligi hamkorligida Chirchiq davlat pedagogika institutida “Shu aziz Vatan, barchamizniki” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Anjumanda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo-kuchlari qo‘mondonligi xodimlari, ularning oila a’zolari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Chirchiq davlat pedagogika instituti vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da sog‘liqni saqlash tizimida tizimli ishlarni amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash, asosiysi, xalq roziligiga erishish kabi muhim tamoyillar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari 2021 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalar ekan, oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirish va 2 mingtaga yetkazish masalasini ilgari surdi.

Tadbirda so‘z olganlar Murojaatnoma ma’no-mazmuni, tarkibiy tuzilishiga ko‘ra g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli ekanligini, avvalo, unda o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, muhim hayotiy xulosalar ilgari surilganligini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida konsert dasturi namoyish etildi.
Muxtasar QODIROVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchi mutaxassisi.
O‘zA