Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov telegramdagi shaxsiy kanaliga quyidagi postni joyladi.
Post ishxonaga yayov borish va liftan foydalanmaslikning tanamizga qanchalar foydali ekanini yana bir bor yodga soladi.
"Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha shaxsiy namuna ko‘rsatish oson emas ekan...
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda rahbarlar o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi zarurligi bo‘yicha o‘ziga xos chaqiriq bo‘lgandi.
Yakshanba kuni peshinda Xorazmdan qaytgach, tushlikdan so‘ng ishxonaga yayov yurib borishni bir tekshirib ko‘rishga harakat qildim. Taxminan 2 soatlarda 9 kilometrni bemalol yurib borsa bo‘lar ekan. Albatta, birdan ko‘p yurilganiga ertasiga ozgina oyoq og‘rig‘i bo‘ldiyu, keyin o‘tib ketdi. Ertasi kuni esa odam o‘zini ancha tetik xis qilib, yana yayov yurgisi kelarkan.
Yo‘lda xursand bo‘lganim, Botanika bog‘iga oilaviy kelib, aylanadiganlar juda ko‘payibdi.
Yangi binoga ko‘chib o‘tganimizdan keyin, ishxonada ham 8 qavatga liftdan foydalanmay chiqishni yo‘lga qo‘ygandim. Keyin zinadan foydalanish xodimlar orasida ommalashdi. Shuning uchun ham, shaxsiy namuna deyilgani bejizga emas.
Nasib qilsa, pandemiyadan qutilib, davlat ishidagi rahbar kadrlarda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha shaxsiy namuna ko‘rsatishiga yanada ko‘proq vaqt bo‘ladi."