Shri-Lanka kuchli yomg‘irlar, toshqinlar va ko‘chkilar oqibatida eng yirik tabiiy ofatlardan birini boshdan kechirmoqda, deb yozib chiqdi “BBC” nashri.
Ta’kidlanishicha, hodisa natijasida 330 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 200 dan ziyodi bedarak yo‘qolgan. Shuningdek, 20 mingdan ortiq uy vayron bo‘lib, 108 mingdan ko‘proq aholi vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi. Mahalliy xabarlarga ko‘ra, o‘lkaning qariyb uchdan bir qismida elektr va ichimlik suvi ta’minoti uzilgan.

Mamlakat yetakchisi Anura Kumara Dissanayake vaziyatni “Shri-Lanka tarixidagi eng og‘ir tabiiy sinovlardan biri” deb atab, umumiy tiklanish xarajatlari mislsiz ko‘lamda bo‘lishini aytdi.

Kelani daryosida suv ko‘tarilishi davom etayotgani bois ayrim hududlarda evakuatsiya jarayoni boshlangan. Kandi va Badulla provinsiyalarida yo‘llar ko‘chkilar bilan to‘silgan, bu holat aholiga oziq-ovqat va ichimlik suvi yetkazishni murakkablashtirmoqda. Hatto ayrim qishloqlar tashqi dunyodan butunlay uzilib qolgan.

Qutqaruvchilar ba’zi hududlarda uy tomlaridan odamlarni olib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Hukumat xorijdagi shri-lankaliklarni mamlakatga ko‘mak berishga chaqirdi. “Ditvah” sikloni orolning sharqiy qirg‘og‘ini kesib o‘tgan bo‘lsada, ammo zarar o‘ta katta bo‘ldi. Mutaxassislar bunday darajadagi ekstremal ob-havoning kamdan-kam uchrashini ta’kidlamoqda.
Ushbu ofat Janubi-Sharqiy Osiyodagi keng ko‘lamli suv toshqinlari bilan hamohang bo‘lib, ayni paytda Indoneziya, Malayziya va Tailandda ham millionlab odamlar jabr ko‘rmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA