Shri-Lankada o‘tgan prezidentlik saylovida “Milliy xalq hokimiyati” muxolif alyans yetakchisi Anura Kumara Dissanayake g‘alaba qozondi. Bu haqda “RIA Novosti” yozgan.
Mamlakat Saylov komissiya veb-saytida 55 yoshli Dissanayake shanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 42,31 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani, yana bir muxolifat yetakchisi Sajit Premadasa ikkinchi, davlatning amaldagi rahbari Ranil Vikramasingxe esa uchinchi o‘rinda qolganini ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ovoz bergan 13,6 million kishining 5,6 million nafardan ko‘prog‘i Anura Kumarani yoqlagan. Yangi Prezidentning inauguratsiyasi 23 sentyabr, dushanba kuniga belgilangan.
Dissanayakening siyosiy faoliyati 1988 yil Ijtimoiy talabalar uyushmasi milliy tashkilotchisi paytidan boshlangan. Siyosatchi Xalq ozodlik fronti (Janatxa Vimuktxi Peramuna) safidan ko‘tarilib, 1995 yil partiya Markaziy Ishchi qo‘mitasiga qabul qilindi va 2001 yil parlamentga a’zosi bo‘ldi. 2004-2005 yillari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, yer va irrigatsiya vaziri lavozimida ishlagan.
2014 yil Dissanayake Xalq ozodlik fronti partiyasi boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Shuningdek, xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanadigan muxolif “Milliy xalq hokimiyati” alyansiga ham rahbarlik qiladi. U prezidentlik saylovida birinchi marta qatnashayotgani yo‘q – 2019 va 2022 yil Gotabaya Rajapaksa hokimiyatdan ag‘darilgandan keyin ham davlat rahbarligiga da’vo qilgan.
Anura Kumara avvallari ko‘p bor, agar prezident etib saylansa, oziq-ovqat inqiroziga qarshi kurashish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga sarmoya jalb qilish, Shri-Lankani iqtisodiy jihatdan o‘stirish bo‘yicha ish olib borish niyatidaligini aytgan.