Davlatimiz rahbarining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ichki ishlar organlariga ham qator vazifalar yuklandi.
Farmon ijrosi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov ma’lumot berdi:
– Giyohvandlik vositalarining aholi orasida tarqalishiga chek qo‘yish, bu illatning mash’um asoratlaridan yosh avlodni muhofaza qilish – eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Bu borada Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan Prezident farmoni kelgusidagi vazifalar yo‘lida chinakam dasturilamal bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur farmonning mazmun-mohiyatini sohaviy va hududiy bo‘linmalarga yetkazish maqsadida ishchi guruh tashkil etildi.
Asosiy e’tibor giyohvandlik illatiga qarshi kurashish, uyushgan narkojinoyatchilikka chek qo‘yishga qaratilmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlar va yoshlar kelajagini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan muhofaza qilish har bir xodimning dolzarb vazifasi ekanligi alohida qayd etilib, bu borada ularning mas’uliyati tubdan oshirilmoqda.
Ayniqsa, profilaktika inspektorlari faoliyatiga e’tibor qaratilib, ularni mahallalar hududida g‘ayriqonuniy narkolaboratoriyalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘lbola usulda qadoqlovchi sexlarni aniqlash bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Hududiy ichki ishlar organlarining 6 mingdan ziyod xodimiga, 2 ming nafarga yaqin profilaktika inspektoriga mutaxassislar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi doirasida narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor-profilaktik tadbirlar jadallashtirildi.
Joriy yil 20 noyabrdan respublika miqyosida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining uchinchi bosqichiga start berildi.
Ichki ishlar organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda giyohvandlik vositalarini respublika chegarasidan olib kirish yo‘nalishlarini, internet tarmoqlari orqali tarqatish harakatlarini, noqonuniy narkolaboratoriyalarni va narkojinoiy uyushmalarni, shu jumladan, ularga homiylik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qo‘yish hamda jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv va tergov faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hozirga qadar o‘tkazilgan 481 tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 56 jinoyat fosh etildi. Giyohvandlik yo‘nalishida jami 82 noqonuniy holat aniqlanib, jinoiy guruh va shaxslardan 7 kg. 656 gr. narkotik modda va 3 ming 85 dona psixotrop dori vositalari olindi.
Profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlariga ham urg‘u berilib, ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar orasida psixofaol moddalarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar kompleks ravishda amalga oshirilmoqda.
Giyohvandlikning salbiy oqibatlari yuzasidan to‘liq tushuncha berish maqsadida 518 marotaba mahalla yoshlari o‘rtasida, 569 marotaba ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Yurtdoshlarimiz salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlikka qarshi kurashish hamda bunga sabab bo‘layotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qo‘yishga qaratilgan tadbirlar Ichki ishlar organlari tomonidan muntazam ravishda davom ettiriladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA