Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoximardon tarixi va tabiati muzeyi qachon ochiladi? (+video)
17:52 / 2024-06-22

Shohimardon tez oqar daryolari, purviqor tog‘lari, go‘zal manzaralariyu xush havosi bilangina mashhur emas. Bu yerdagi davlat muzeyi tarixiy asori-aqidalari, noyob eksponatlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelgan.

Afsuski, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi №975-sonli qarori bilan u tugatilgan. Shunday bo‘lsada, o‘shanda viloyat hokimligi uning faoliyatini saqlab qolib, barcha harajatlarni zimmasiga olgan edi. Xayriyatki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi PQ-135 sonli qaroriga ko‘ra Farg‘ona tumanida “Shohimardon tabiat muzeyi”ni tashkil etish belgilandi. Aynan Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozarovning 2023 yil 15 dekabrdagi qarori bilan “Hamza Hakimzoda Niyoziy” me’morial muzeyi negizida jamoatchilik asosida “Shohimardon tarixi va tabiati muzeyi” tashkil etildi. Muzey ish faoliyatining g‘oya va maqsadlari ishlab chiqildi. Shundan so‘ng, 

- Viloyat xokimi Xayrulla Bozarov tomonidan muzeyimiz o‘rganilib, ular tomonidan 4.5 mlrd pul ajratilib, tenderda g‘olib bo‘lgan qurilish tashkiloti oktyabr-noyabr oylarida ta’mirlash ishlarini boshladi - deydi muzey direktori Gulnoza Najmiddinova.

Mukammal ta’mirlashni “Farqurilishinvest” MCHJ olib borardi. Dastlabki oylarda muayyan ishlar bajarildi. Ammo, - Faqat tom qismi yopildi. Ichki xonalarda, eksponatlar qo‘yiladigan joylarni ta’mirlash oxiriga yetkazilmadi. Bir oydirki, qurilishimiz to‘xtab qolgan, - deydi Gulnozaxon.

Binoning biron xonasi ta’mirdan chiqarilgandek sifatda emas. Har birida bir to‘kis ayb. Buni muzey ishi bilimdonlari, tajribali mutaxassislar qayta-qayta ta’kidlashyapti. Ularga ko‘ra,

- Ekspozitsiya yaratish jarayoniga xalaqit beradigan holatda ta’mirlangan. Devor qismlari asosan MDF bilan qoplangan. Ya’ni, eski holatdagi dizayn yangi material bilan qoplab qo‘yilgan, - deydi Farg‘ona tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktor o‘rinbosari Elyor Raximov.

Muzey muzeydek bo‘lishi lozim. Jumladan, dizayni ham. Afsuski loyiha, ta’mirlash ishlari uning moliyaviy egasi ishtirokisiz boshlangandi.

- Bino, uning ichidagi ko‘rgazmalar hammasi Farg‘ona tarixi va madaniyati muzeyi tasarrufida. Shohimardon tarixi va tabiati muzeyida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari buyurtmachisi – Farg‘ona viloyat xokimiyati, - deydi Farg‘ona tarixi va madaniyati muzeyi direktori Xayrullo Zokirov.

Viloyat hokimligi mablag‘ topib muzeyni ta’mirlashga yo‘naltirgan. Qolaversa Shohimardonga kelayotgan sayyohlar oqimi kundan-kun ortib boryapti. Holatni ko‘rgan Shohimardon tarixiga qiziqqan sayyohlarning xafsalasi esa pir.

- Uch yildan buyon har yili kelaman. Hazrati Ali maqbarasini ziyorat qilgach muzeyga kiraman. Ammo muzey o‘tgan yildan buyon ta’mirlash uchun yopilib qolgan ekan – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Bibisora Toshmurodova, - Hech qanday yangilik qilinmagan, muzey ochilmagan. Menimcha, yoz mavsumida, bu yerda sayyohlar keladigan davrda muzeyni ochish zarur edi.

Nixoyat biz “Farqurilishinvest” MCHJ rahbari Alimardon Abduhakimov bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldik.

-  Farg‘ona tumani Shohimardon qishlog‘idagi muzeyni shaffof tenderda yutib olganmiz, - deydi u. - 4 mlrd 50 million so‘m qo‘yilgan. 2 mlrd so‘m pul olganmiz. Hozirda ichki qismlarni ta’mirdan o‘tkazdik. Tashqi ko‘rinishda ozgina ish qoldi. Shu kunlarda bitkazib topshiramiz.

Buyurtmachi - viloyat hokimligining “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi vaziyatni qo‘lga olishi, “Farqurilishinvest” MCHJ rahbarlariga keraklicha ta’sir ko‘rsatishi zaruratga aylangan.

Muzey direktori Gulnoza opa bilan xayrlashar chog‘imiz, “yana bir gap aytmoqchi edim”, deb qoldi:

- Menga alam qiladigan joyi shuki, qurilish boshlanganda qish mavsumi edi, ular menga yotoq masalasida murojaat qildilar. Ularning va’dasiga ishonib uyimizdan joy berdik. Uchta xonani qishda isitdik. Ularga uch mahal issiq ovqat qilib berdik. Lekin xaligacha biron so‘m to‘lashmadi...

Garchi bu ahloqiy masala bo‘lsada, uni “Farqurilishinvest” rahbariga yetkazdik.

<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/KTUDPeFUGJI" title="Shoximardon tarixi va tabiati muzeyi qachono chiladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

- Ustalarimizga joy bergan. Lekin pul talab qilyapti. Biz opaga to‘lab beramiz, deb aytdik – deydi Alimardon Abdulhakimov. - Opaning pulidan uzilish bo‘lib qoldi. Tan olamiz.

Muxammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA