Inson qadr-qimmati ustun dunyoni bunyod etishga hissa qo‘shish Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining muhim shiorlaridan biri. 2001 yilda o‘z faoliyatini boshlagan markaz ko‘makka muhtoj kishilar, ayniqsa, odam savdosidan jabrlangan shaxslarga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatib, inson huquqi, sha’ni himoyasi yo‘lida kurashib kelmoqda. Shu davr ichida xorijiy davlatlarda qiyinchilikka, qullikka tushib qolgan 20 mingga yaqin kishi markaz xodimlari ko‘magi bilan yurtimizga qaytarilgan.
“Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Tashqi ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy markaz, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, elchixonalar, xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab kelishadi. Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar asosan USAID - AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi dasturi doirasida va YevroOsiyo fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Mana 22 yildan buyon Markazning keng qamrovli xayrli ishlari xalqimiz manfaatlariga xizmat qilayotgani, targ‘ibot ishlari odam savdosi jinoyatining kamayishiga hissa qo‘shayotgani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ham ko‘p bora e’tirof etib kelinmoqda.
Odam savdosidan jabrlanayotgan shaxslarni qutqarish bilan birga, ularning reabilitatsiyasi bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. Jabrdiyda xotin-qizlarga psixologik ko‘mak ko‘rsatish bilan birga kasb-hunarga o‘qitilayotgani ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam bermoqda.
Muammolarni hal qilishda davlat tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani muhim o‘rin tutayotganini alohida qayd etish lozim. Tashkilot odam savdosi va zo‘ravonlikning boshqa ko‘rinishlarining oldini olish, mushkul vaziyatdagi migrantlarga yordam ko‘rsatish bilan birga bu jarayonga yosh volontyorlar jalb qilingani ishlar samarasini oshirmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZrLccEUrHeo" title="Shoxida Kasimova: “Maqsadimiz faqat ezgulik”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘zbekistonda NNTlar rivojiga e’tibor qaratilayotganini “Istiqbolli avlod” timsolida ko‘rish mumkin. Bitta nodavlat tashkilotning uzluksiz va muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani, xalqaro aloqalarni rivojlantirayotgani uning erkin faoliyat yuritayotgani va qo‘llab-quvvatlanayotganidan darak beradi. Fursatdan foydalanib tashkilotning kelajakdagi faoliyatiga omad tilab qolamiz.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA