2024 yil Samarqand viloyatining olis Qo‘shrabot tumanidagi Shovona mahallasi aholisi uchun unutilmas yil bo‘ldi. Chunki, yakuniga yetayotgan yilda mahallani og‘ir hudud toifasidan chiqarish, infratuzilmani yaxshilash va aholi turmush darajasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bajarildi.
– O‘tkazilgan xatlov asosida mahalladagi deyarli barcha – 1000 ga yaqin xonadonda ta’mirlash ishlari olib borildi, – deydi Shovona mahallasi raisi Aziz Abduvohidov. – Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 1 ta yangi transformator o‘rnatilib, 9 ta transformator mukammal ta’mirlandi, eski simyog‘ochlar 470 ta yangi temir- beton ustunga almashtirildi, 18 kilometr tarmoq tortildi. Mahalladagi 30 ta xonadon qo‘shimcha ravishda tabiiy gaz tarmog‘iga ulandi, 6 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi. To‘labosti, Shavon-1, Shavona-2 suv inshootlarida yangi nasoslar o‘rnatildi. Mahalladagi ichki yo‘llar ta’mirlanib, qariyb 26 kilometr tuproq yo‘lga shag‘al yotqizildi. 4R-55 “Mitan – Qo‘shrabot – Nurota” yo‘lining 9-15 kilometrlari oralig‘iga yangi asfalt qoplamasi to‘shaldi.
Qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida mahalladagi oilaviy poliklinika, 12-maktabgacha ta’lim tashkiloti, 8, 9, 16 va 35-umumta’lim maktablari ta’mirlandi. Mahalla uchun yangi bino, Nuroniylar maskani va tikuvchilik xonasi qurildi. Shuningdek, mahalla markazida kichik bozorcha tashkil etildi.
[gallery-21063]
Shovona, Kesovli, To‘labosti va Shamolli qishloqlarida 5 ta sport maydonchasi qurildi. 4 kilometr masofada piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lak qurilib, 124 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish, kam ta’minlangan oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun 48 ta oilaga homiylar hisobidan jami 2500 bosh tovuq berildi.
– Mahallamiz bir yil ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi, - deydi shovonalik faol nuroniy Rahmat Ochilov. – Hududimizda boshlangan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarida barchamiz qatnashdik. Hasharlar uyushtirdik, ko‘chalarni obod qildik. Bu ishlarda bizga ko‘mak bergan barcha mas’ullarga minnatdorchilik bildiraman.
Yangi yil bayrami arafasida mahalladagi yangi inshootlarni foydalanishga topshirish marosimi to‘yga ulanib ketdi, mahalladagi ehtiyojmand oilalar 10 nafar farzandining xatna to‘yi o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari