Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shotut plantatsiyalari ̶̶ gektaridan 210 million daromad
13:58 / 2020-07-07

Qishloq xoʻjaligida loyihalar ishlab chiqayotgan mutaxassislar ayni vaqtda ushbu raqamni qanchalik haqiqatga mos kelishini isbotlash harakatida.


Qishloq xoʻjaligida loyihalar ishlab chiqayotgan mutaxassislar ayni vaqtda ushbu raqamni qanchalik haqiqatga mos kelishini isbotlash harakatida. Albatta, bu raqamlar ushbu mahsulotga bozorda boʻlgan talab asosida oshib ketishi yoki kamroq boʻlishi ham mumkin.

̶̶ Bizning hisob-kitoblarimizga koʻra yurtimizning har bir tumanida 5 gektar balxi tut va shotut yetishtirish imkoni mavjud,- deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi vakili Shomirza Safarov.- Ular shahar va qishloqlarimizda koʻp oʻstirilsada, yetarlicha eʼtibor boʻlmagani uchun hozirga qadar shotut plantatsiyasi yaratilmagan. Aslida bunday maydonlar yaxshi samara bergan boʻlardi. Ular nisbatan tezroq yaʼni toʻrt yilda hosilga kiradi va har gektaridan 23- 24 tonna meva olish mumkin. Tut mevasi sersuv, uning tarkibida 82,9-86,2 foizgacha suv bor. Bundan tashqari, u sershira meva - 10,9-12,7 foizgacha qand miqdorini saqlaydi. Shunda 90 kilogramm atrofida sharbatga ega boʻlamiz. Ayni vaqtda bir kilogrammi shotut sharbati oʻrtacha 25 ming, balxi tut 10 ming soʻmga baholanmoqda. Agarda mevani qayta ishlashsak, bir gektardan 210 million soʻm daromad qilish va oʻnta yangi ish oʻrni yaratish mumkin.

Qayd etish kerakki, tut daraxti juda qadimiy, koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, Markaziy Osiyoga Xitoydan taxminan eramizdan avval 2-3 ming yillarda keltirilgan Asrlar davomida xalq seleksiyasida Shotut, Balxi tut, Marvarid tut va boshqa koʻplab tut navlari yaratilib, hozirgi paytda ham oʻstirilmoqda. Dunyoda tutning 16 xil turi bor.

Bu mevali daraxtning, asosan, ikki xil turi isteʼmolga yaroqli hisoblanadi. Bu oq tut va shotut (qora tut). Oq tutning vatani Xitoy, shotutning esa afsonaviy Shom davlati - Eron va Afgʻoniston hisoblanadi.

Tut yangi uzilgan holda yoki quritilgan (tut mayizi) holida isteʼmol qilinadi. Undan turli xildagi pishiriqlar, murabbo va marmeladlar, qiyom, shinni tayyorlanadi. Ayrim xalqlar esa mevadan shirasi siqib olinib, qolgani quritilib, qahva singari damlab ichishadi.

Abu Ali ibn Sino ham tutdan shifobaxsh vosita sifatida foydalangan. Tut V, S, E, K, PP vitaminlariga boy boʻlib, darmonsiz, tez-tez shamollaydigan odamlar koʻproq yeb turishlari kerak. Mineral moddalardan esa kaliy, natriy, rux, selen, mis, fosfor, kalsiy, magniy, temirga boy, urugʻi 24-33 foizgacha yogʻ va boshqa oshlovchi moddalar saqlaydi. Tarkibida koʻp miqdorda fosfor saqlagani bois, tut aqliy faoliyat bilan shugʻullanadigan kishilar uchun koni foyda sanaladi. Ayniqsa, oʻqituvchilar, talabalar, hisobchi va ofis xodimlari uchun bahor-yoz mavsumida sarxil tut mevasini har kuni bir hovuchdan isteʼmol qilib turish ayni muddao.