Poytaxtimizning Shota Rustaveli ko‘chasida 7 oktyabrdan yangi loyiha – markaziy avtobus yo‘lagi (BRT yo‘lagi) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish maqsadida ishga tushirilgan loyihaning mazkur birinchi bosqichida 37-, 57- va 58-sonli avtobuslar yo‘lning o‘rta qismida joylashgan maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanmoqda. Ya’ni avtobuslar yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus yo‘lak orqali harakatlanishi belgilangan. Yo‘lovchilar esa avtobusga chiqish va tushishda yo‘l o‘rtasida qurilgan maxsus platformalardagi bekatlardan foydalanadi. Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqaligina o‘tish mumkin.
[gallery-25686]
Ta’kidlash kerak, ko‘chaning o‘rta qismidagi yo‘lak faqat avtobuslar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, boshqa transport vositalari mazkur yo‘lakda harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tish qat’iyan man etiladi. Zarur hollarda esa faqat belgilangan chorrahalar orqali harakatlanish mumkin. Ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va ortga qayrilish mumkin emas. Avtobus yo‘lagiga yaqin kesishmalarda haydovchilar avtobuslarga ustuvorlik berishi shart.
Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA