Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida transport harakati bo‘yicha yangi tartiblar joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, 2025 yil 7 oktyabrdan boshlab Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagi (BRT yo‘lagi) faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida 37-, 57- va 58-sonli avtobuslar aynan yo‘lning o‘rta qismida joylashgan maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi.
Loyiha maqsadi
Transport vazirligiga ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi — jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratishdan iborat.
Yo‘lovchilar uchun qoidalar
• Avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi mutlaqo maxsus yo‘lak orqali harakatlanadi.
• Yo‘lovchilar avtobusga chiqish va tushishni yo‘l o‘rtasida qurilgan maxsus platformalardagi bekatlar orqali amalga oshiradilar.
• Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqish mumkin. Belgilanmagan joydan o‘tish qat’iyan man etiladi.
Avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘tish lozim. Platformada sariq xavfsizlik chizig‘idan orqada turish talab etiladi, avtobus to‘liq to‘xtagachgina eshikka yaqinlashish mumkin.
Ilk navbatda keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilarga yo‘l berilishi lozim.
Haydovchilar uchun talablar
Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rta qismidagi yo‘lak faqat avtobuslar uchun mo‘ljallangan. Boshqa transport vositalari uchun mazkur yo‘lakda harakatlanish, to‘xtash yoki yo‘lni kesib o‘tish qat’iyan taqiqlanadi. Ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va ortga qayrilish taqiqlangan. Avtobus yo‘lagiga yaqin kesishmalarda haydovchilar avtobuslarga ustuvorlik berishi shart.
Chapga burilish yoki qayrilish zarur bo‘lganda, faqat belgilangan chorrahalar orqali harakatlanish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy avtobus yo‘lagi loyihasi Toshkent shahri jamoat transporti tizimini rivojlantirish va aholi uchun tezkor, xavfsiz hamda qulay transport xizmatlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA