Mamlakatimizda barcha turdagi mulkka bo‘lgan huquqlar daxlsizligi kafolatlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir nechta moddalarida fuqarolarning mulk huquqi kafolatlari belgilangan.
Bosh qomusimizning 66-moddasida mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi e’tirof etilgan. Qonun hujjatlarida mulk daxlsizligini buzish uchun jinoiy jazolar belgilangan.
Ammo shunday qonuniy choralar ko‘rilishiga qaramay, so‘nggi paytlarda aholi orasida “firibgar” degan so‘z tez-tez eshitilmoqda. Firibgarlik va kiberjinoyatlardan jabr ko‘rganlar soni oshib bormoqda.
Masalan, 2025-yilda mamlakatimizda 46 mingdan ortiq kiberjinoyat sodir etilgan. Afsuski, “shum”likni “firib”ning manbaiga aylantirib, ishonuvchan va sodda fuqarolarimizni aldayotgan ayyor shaxslar soni ortib bormoqda.

Ayrim ko‘ngilchan insonlar bilan muomala jarayonida ayrim zamondoshlarimiz ishonchni darhol suiiste’mol qilishga harakat qilmoqda.
Xo‘sh, firibgarlik nima? Bu qanday jinoyat? Nimasi bilan ijtimoiy xavfli? Qanday javobgarlik belgilangan?
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik jinoyati uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Firibgarlik aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritishdir.
Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlar jabrlanuvchini adashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati yoki niyati (masalan, o‘zini mansabdor yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirish) kirishi mumkin.
Jabrlanuvchini adashtirishga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar qatoriga bitimni soxtalashtirish, qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda aldov usullarini qo‘llash, bank yoki plastik kartalardan pullarni noqonuniy yechib olish va boshqalar kiradi.
Xullas, fuqarolar ko‘p hollarda o‘z boyliklarini ayyor firibgarning o‘ziga ishonib topshirishadi. Shu sababli firibgarlik jinoyati ko‘pincha ayyor va tajribali shaxslar tomonidan soddadil, ishonuvchan odamlarga nisbatan sodir etiladi.
Bunday jinoyatlarga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasida bo‘lmasligi kerak. Profilaktika ishlari, aholining huquqiy ongi va axborot xavfsizligi bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki xabardorlik va hushyorlik — jinoyatlarning oldini olishda eng samarali vositalardan.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Adliyavazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonMahallalariuyushmasihamkorlikda mamlakat bo‘ylab “Ogoh bo‘ling, firibgar!” aksiyasini amalga oshirmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi firibgarlik va kiberfiribgarlikning oldini olish, aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirish va ularga amaliy yordam berishdir.
So‘nggi paytlarda firibgarlik an’anaviy usullar bilan birga internet va zamonaviy texnologiyalar orqali ham amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivoji tufayli kiberfiribgarlik holatlari kengaymoqda. Telefon qo‘ng‘iroqlari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, soxta veb-saytlar orqali amalga oshirilayotgan jinoyatlar aholi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Firibgarlar telefon orqali aldash, soxta yutuq va’dalari, kredit va subsidiya bahonasida murojaatlar, soxta e’lonlar, bank kartasidan pul yechib olish, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta sahifalar orqali firib qilish kabi usullardan foydalanmoqda.
Internetda arzon takliflarga ishonmang, oldindan to‘lov qilishda ehtiyot bo‘ling, sahifa va akkauntlarni tekshiring, ikki bosqichli himoyani yoqing.
Eng muhimi, shoshiltirish firibgarning quroli, tekshirish esa fuqaroning himoyasi ekanini unutmaslik kerak.
Xulosa qilib aytganda, firibgarlik davrimizning jiddiy tahdididir. Unga qarshi eng kuchli vosita esa bilim, hushyorlik va ehtiyotkorlik sanaladi. Har bir fuqaro o‘z moliyaviy xavfsizligi uchun mas’ul. Firibgarlikka qarshi kurash barchamizning umumiy vazifamiz.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy Kengashi raisibirinchi o‘rinbosari.
O‘zA