Bugun atrofga qarar ekansiz, faqat shiddatli quyun namoyon bo‘ladi, go‘yo. Xotirjam kishini uchratish qiyin. Sokinlikka talpinuvchilar esa malomatda. Tezkorlik – davr talabi, deysizmi? Balki. Ammo shoshib yashashda nechog‘li lazzat bor?
"Shoshib, suringandan, asta yurib otdan o‘zgan yaxshi”, deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, doim ham shoshqaloqlik bilan yashash o‘zini oqlamaydi. Bundaylarning esa xato qilish ehtimoli ham yuqori.
O‘zbekiston yurak xurujidan vafot etuvchilar reytingida uchinchi o‘rinda turar ekan. Bunga sabab xalqimizning arzimas tashvishlar bilan doimiy stressda yurishi, har narsani yurakka yaqin olishi bo‘lsa kerak.
–Men sokin yashashga odatlanganman. Ish faoliyatimda ham shoshmaslikka harakat qilaman. Chunki har qanday ishda shoshish sifatga putur yetkazadi deb o‘ylayman. Qolaversa, kishi salomatligi uchun ham xotirjamlik muhim ahamiyatga ega, – deydi Samarqand shahar "Nurli maskan" maktab-internatida faoliyat olib boruvchi tarbiyachi pedagog Zarnigor Rajabova.
Ba’zida insonlarning bir-biriga e’tibori kamayib borayotgani haqida suhbatlarga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, oila va yaqinlarga bo‘lgan munosabatning ham o‘zgarganidan xavotirlar bot-bot quloqqa chalinadi. Aslida bularning hammasiga sabab ortiqcha bosim va benihoya shoshib yashashdir.
Shuning uchun ham psixologlar insonlarni xotirjam yashashga undaydi. Bu esa hayotdagi ziddiyatlarga eng yaxshi yechim sifatida qaraladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA