Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Sho‘rtan gaz kimyo" majmuasida HR tizimi joriy etildi
19:56 / 2021-06-21

2019 yil 9 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, deb ma’lum qildi jamiyat matbuot xizmati.

Jamiyat boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan AJ tarkibidagi korxonalarda kadrlarni boshqarishda dunyo standartlariga mos xalqaro tajribalardan foydalangan holda yangicha boshqarish – HR tizimini qo‘llash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda jamiyatning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishida inson resurslarini boshqarish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, jamiyat korxonalari va boshqarmalarida bilimli, yetuk malakali xodimlarni tanlash, o‘qitish, ish o‘rniga moslashtirish (adaptatsiya) va motivatsiya berish, inson resurslarini boshqarishda ijobiy natijalarga erishish uchun amalda sinalgan tizimlarni joriy qilish, yangi strategiyalarni ishlab chiqish va taraqqiy ettirish bo‘yicha doimiy ravishda tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda.

“Sho‘rtan gaz kimyo” majmuasi mana 20 yildirki, neft va gaz sohasida o‘zining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Majmuaning uzoq yillik faoliyati davomida xodimlar soni ham sezilarli darajada ortdi. Bu esa o‘z navbatida xodimlar bilan mehnat munosabatlarini olib borish, xodimlar qo‘nimsizligini oldini olish, bilimli, yetuk malakali xodimlar bilan ta’minlash uchun yangicha usullardan (Recruiting, HeadHunting) foydalanish maqsadida majmua rahbariyatining 2021 yil 21 maydagi 021/197-sonli buyrug‘i asosida Personalni boshqarish xizmati (HR) tashkil etildi.

Majmuada endilikda Personalni boshqarish xizmati (HR) tarkibiga:

– Personalni tanlash (Recruiting) guruhi;

– Xodimlar bo‘yicha ish yuritish va hujjat almashinuvi guruhi;

– Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi faoliyati kiradi.

Personalni boshqarish xizmati (HR) maqsadi majmua ishchi-xodimlarni malakasini oshirish, o‘qitish, vakant (bo‘sh) ish o‘rinlariga ular orasidan munosibini tanlash, ish o‘rniga moslashtirish (adaptatsiya), motivatsiya berish, korxonani yuqori salohiyatli, tajribali, istiqbolli kadrlar bilan ta’minlashdir.

HR menejment – korxonada o‘ziga yuklatilgan mehnat funksiyalarini boshqarishga qodir yuqori malakali xodimlar bilan ta’minlashga va undan optimal foydalanishga qaratilgan bilim va amaliy faoliyat sohasidir.

HR tizimi bu inson resurslarini boshqarish tizimidir. Oddiyroq qilib aytganda, xodimlarni boshqarishning eng zamonaviy va eng samarali usullarini qo‘llash. Rivojlangan davlatlarda hozirgi biz ishlatayotgan kadrlar xizmati o‘rnida aynan HR xizmati, HR menejerlari faoliyat yuritadi.

HRda esa asosan xodimlar bilan, ularning shaxsi bilan ko‘proq ishlanadi, aynan bu tizimda xodim va korxona o‘rtasida uzviylik ko‘proq bo‘ladi. Tasavvur uchun aytamiz, hozirgi kadrlar xizmati tizimida 70 foizlik ish ko‘lami hujjatlardan, 30 foizi xodimlarning shaxsi bilan bog‘liq bo‘lsa, HRda buning teskarisi, ya’ni hujjatlar bilan ishlash ish ko‘lamining 30-35 foizini tashkil qilishi kerak. Qolgan resurslar xodimlarning o‘ziga qaratiladi.

Hozir mamlakatimizda rivojlangan zamonaviy kompaniyalar, qo‘shma korxonalar kadrlar xizmati bo‘limlaridan voz kechib, HR bo‘limlari bilan ishlamoqda. Bunda hozirgi kadrlar xizmati faoliyati HRning alohida yo‘nalishi sifatida uning ichida bo‘ladi.

HR va kadrlar bo‘limi o‘rtasidagi asosiy farq natijaviy muhitda. Hujjatlarga ko‘milgan kadrlar xizmatlarida xodimlarning manfaatlari u qadar e’tiborga olinmaydi, muhit ham shunga yarasha bo‘ladi. Xodimlarning shaxsi bilan ishlashga va o‘rtada ko‘prik yaratishga qaratilgan HRda mehnatkash xodimlar juda qadrlanadi, jamoa bir oiladek shakllanadi, o‘z-o‘zidan muhit ham, ishchanlik kayfiyati ham yaxshi bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Headhunting bu mutaxassislik bo‘yicha ham, mutaxassislarning kasbiy mahorat darajasi bo‘yicha ham yetuk va yuqori malakali kadrlarni boshqa tashkilot va kompaniyalardan izlash, jalb qilish va tanlash bilan shug‘ullanadigan faoliyatdir.

Personalni tanlash guruhi Recruiting (Recruit – yollash, ishga chaqirish) – bu korxonadagi vakant (bo‘sh) lavozimlarga nomzodlarni ichki va tashqi kadrlar zaxirasidan izlash, ishchi guruh orqali ularni bilim tajribasini tekshirish, ular orasidan munosibini tanlash faoliyatidir.

O‘zA