Ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xayrli va savobli ishlarni amalga oshirish xalqimizga xos azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.
Buxoro viloyati Romitan tumani hokimligi hamda saxovatpesha tadbirkorlar tashabbusi bilan “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “To‘y baraka” tantanalar saroyida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, “Temir daftar” va “Ayollar daftar”iga kiritilgan oilalarning farzandlari, asosan, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilaridan o‘n nafarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Tadbirda sektor rahbarlari, tuman Xalq qabulxonasi mudiri, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot, korxona rahbarlari, oqsoqol va nuroniylar, keng jamoatchilik va mahalla faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jajji bolajonlar va ularning ota-onalari qatnashdi.
Marosim avvalida o‘ttiz nafar “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi ayollarga tikuv mashinalari topshirildi. Arzon narxlarda savdo yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalarini tantana bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, mamlakatimizda kam ta’minlangan va nogironligi bor oilalar, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tirof etildi.

Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, nuroniy otaxonlar tomonidan bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar berildi.
Fayzli va to‘kin dasturxon atrofida davom etgan tadbir barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.