Mirzaobod tumanining Oqoltin hududida joylashgan “Mirzacho‘l agro klaster” MCHJ ga qarashli dala maydonida yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi, tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi va tuman melioratsiya bo‘limi mutaxassislari, shuningdek, agrar klaster rahbarlari hamda sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar ishtirok etishdi.

Seminarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda kuzgi-qishki davrda sho‘r yuvish ishlarini o‘z vaqtida va me’yor asosida amalga oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Mutaxassislar ichki irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini, jumladan, ariq, zovur va gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash hamda tozalash, ularning ishchi qobiliyatini saqlash suv resurslaridan samarali foydalanishning asosiy omillaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar.

Ma’lum qilinishicha tumanidagi fermer va klasterlar hisobida 908,5 kilometr ichki irrigatsiya ariqlari mavjud bo‘lib, ularning 344 kilometrini betonlashtirish rejalashtirilgan. Joriy mavsumda 588 gektar yer maydonida sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida 2025 yilda 9,5 ming gektar yerda Shinjon usulida paxta yetishtirilgan bo‘lsa, 2026 yilda ushbu ko‘rsatkichni 17 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

– Qishloq xo‘jaligida barqaror hosil olish, avvalo, yerning meliorativ holatiga bog‘liq. Agar sho‘r yuvish ishlari belgilangan muddatlarda, me’yor asosida va agrotexnika talablariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilsa, tuproq tarkibidagi zararli tuzlar chiqarib yuboriladi va yerning hosildorlik salohiyati sezilarli darajada oshadi, – dedi seminarda ishtirok etgan Suv xo‘jaligi vazirligi yetakchi mutaxassisi Diyorbek Abdullayev.
Seminar jarayonida sho‘r yuvish agrotexnikasining ilmiy asoslari atroflicha tushuntirildi. Jumladan, yer maydonlarini tekislash, o‘qariqlar tortish, pol olib suvni bir tekisda tarqatish, suv berish me’yorlariga qat’iy rioya qilish hamda sho‘r yuvish jarayonida suvning tuproq qatlamlariga singishini doimiy nazorat qilish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sho‘r yuvish natijasida haydalma qatlamda to‘plangan zararli tuzlar zovurlar orqali chiqarib yuboriladi. Bu esa yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, nam zaxirasini to‘plash, urug‘larning bir maromda unib chiqishini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, vegetatsiya mavsumida suv tanqisligining oldi olinib, sug‘orish samaradorligi oshadi.
Tadbirda, shuningdek, suv resurslaridan belgilangan limit doirasida tejamkor foydalanish, me’yordan ortiq suv olish va isrofga yo‘l qo‘ymaslik, suvni zovurlarga tashlamaslik hamda suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga tomchilatib sug‘orish va boshqa innovatsion usullarning ilmiy-amaliy afzalliklari, shuningdek, ularni joriy etishda berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
Seminar yakunida klaster rahbarlari va yer egalariga sho‘r yuvish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar tarqatildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha va asoslangan javoblar qaytarildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri